Tojikiston davlat chegarasini kesib o‘tish punktlarida COVID-19 bilan bog‘liq cheklovlar olib tashlandi, deb xabar qildi mamlakatning «Xovar» Milliy axborot agentligi.

Respublika shtabi Tojikistonda COVID-19 kasalligi bo‘yicha epidemiologik vaziyatni barqarorlashgani, mamlakat aholisining emlanganlik darajasi yuqoriligi, mintaqa va xorijiy davlatlarda ushbu kasallik bilan bog‘liq vaziyatni normallashgani, havo, quruqlik va suv transportida yo‘lovchilar va yuklarni tashishdagi cheklovlarni bekor qilinganini hisobga olgan holda ushbu qarorni qabul qildi, deyiladi xabarda.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligiga chegaradagi karantin-sanitariya punktlarining «oddiy» rejimda ishlashini ta’minlash hamda Tojikiston va xorijiy davlatlar fuqarolarining sog‘lig‘ining umumiy holatini hisobga olish topshirildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligiga so‘rov va murojaatlarni hisobga olib respublika aholisining maqsadli guruhlarini emlash bo‘yicha topshiriq berildi.