Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida «Nima o‘qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

«Nima o‘qiymiz?» loyihasining navbatdagi mehmoni — O‘zbekistondagi Gyote instituti xodimi, tarjimon Gulnoza Nabiyeva. Qahramonimiz Iliya Troyanovning «Olamlar sohibi» hamda Jianna Molinarining «Bu yerda hamma narsa bo‘lishi mumkin» kitoblarini nemis tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Kitob o‘qishning ahamiyati, insonning shaxs bo‘lib shakllanishda tutgan o‘rni haqida gapirish ortiqcha. Bu hammaga ma’lum haqiqat, lekin, ming afsuski, biz bu oddiy haqiqatni unutib qo‘yamiz. Qiziq, O‘zbekiston aholisining necha foizi kechqurun yotishdan oldin kitob o‘qir ekan? Afsuski, bunday o‘qish madaniyati bizda ommalashmagan. Hashamatli uylarda kutubxona yo‘q. Odamlar nima deydi, deb turli ma’rakalarni isrofgarchilik bilan o‘tkazishga o‘rganganmiz, lekin farzandlarimizga kitob olib berishdan pulni qizg‘anamiz.

Jadid bobolarimiz bundan 100 yil oldin yozg‘irishgan, ularning gaplari xuddi bugun haqida aytilgandek. Bir asrdan buyon hech narsa o‘zgarmabdi. To‘ylar, mashina raqamlari uchun sarflangan millionlarni eshitsam, o‘z millatim uchun uyat hissini tuyaman. O‘qish madaniyati baland millatlar hech qachon birovga qaram bo‘lmaydi, yaponlar, nemislar, fransuzlardan bu borada o‘rnak olsak arziydi.

O‘qimaydigan millat ekanimiz yozgan kitoblarimizdan, suratga olgan filmlarimizdan, san’atimizdan sezilib turadi. Tasavvur qiling, sunnat to‘yida qarindosh-urug‘ bolaga eng sara kitoblardan sovg‘a qilsa, sariq chaqaga arzimaydigan to‘y sarpolari o‘rniga kelin-kuyovga nodir kitoblardan tashkil topgan kutubxona to‘yona qilinsa, nima bo‘ladi? Qalblar, onglar uyg‘ongan bo‘lardi. O‘qigan har bir kitobimiz bizni bir pog‘ona balandga ko‘taradi.

Quyidagi asarlarni esa yaqin orada o‘qib tugatdim va ularni kitob o‘qiydiganlarga tavsiya qilmoqchiman.

Shida Bazyar. Nachts ist es leise in Teheran. KiWi Paperback nashriyoti. 2017 yil. 288 sahifa.

гулноз набiеva, kitobxonлiк, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Asli kelib chiqishi eronlik bo‘lgan nemis adibasi Shida Bozyor qalamiga mansub «Tehronda tunlar jim-jit» asari inqilob, zulm, qarshilik va erkinlikka intilish haqida. Roman qahramonlari Behzod va Nihod bir-birini sevadi, birgalikda taqiqlangan kitoblarni o‘qiydi, namoyishlarda qatnashadi, hukumatga qarshi siyosiy kurashlari oqibatida tazyiqlarga uchrab, Germaniyaga qochishga majbur bo‘ladi. Vaqtinchalik boshpana deb o‘ylangan yurtda uch nafar farzand ko‘rishadi, nemis jamiyatida ularga nisbatan siyqasi chiqqan qarashlardan azoblanadi, siyosiy ideallaridan yiroqlashib boradi. Bir so‘z bilan aytganda, Vatan sog‘inchi, qaytish imkonsizligi, musofirchilik azoblari haqidagi kitob.

Lev Tolstoy. «Voyna i mir» (ikki kitob). Azbuka nashriyoti. 1408 sahifa.

гулноз набiеva, kitobxonлiк, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Lev Tolstoyning ushbu roman epopeyasi butun dunyoda millionlar qalbini zabt etgan. Asar meni o‘zining serqirraligi, qahramonlarining teran fikrlashi, hayot falsafasi bilan sug‘orilgani bilan o‘ziga tortadi. Tolstoy, shubhasiz, ensiklopedik bilimga ega ulug‘ shaxs, buni asarlarini o‘qish asnosida bilib olamiz. «Urush va tinchlik» romani bir marotaba emas, qayta va qayta o‘qiladigan asarlardan biri.

Andrey Platonov. «Jon». «Akademnashr» nashriyoti. 2019 yil. 192 sahifa.

гулноз набiеva, kitobxonлiк, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Rus yozuvchisi Andrey Platonov qalamiga mansub «Jon» asari 2019 yili tarjimon Sharifjon Ahmad tarjimasida nashrdan chiqdi. O‘z qavmini go‘dakligida tark etgan Nazar oradan yillar o‘tib, Moskvada oliygohni bitirib qaytib keladi. Unga o‘z elini qidirib topish, ularni baxtli hayotga qaytarish missiyasi yuklatiladi. Jon elini deyarli «jonsiz» holatda topadi, ularni birlashtirish, ortidan ergashtirish uchun dastlab qornilarini to‘yg‘azishi, suv topishi kerak. Asarda har bir jumla ramziy ma’no kasb etadi, shu jumladan, jon ham. Cho‘li biyobon umidsizlik, loqaydlik ramzi. Unda suv axtarish — hayotdan ma’no izlash, harakat — najot ramzi.

Javlon Jovliyev. «Qo‘rqma». «Nihol nashr» nashriyoti. 2021 yil. 376 sahifa.

гулноз набiеva, kitobxonлiк, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Yosh adibimiz Javlon Jovliyevning «Qo‘rqma» romanida Germaniyaga o‘qishga yuborilgan turkistonlik talabalarning fojiali taqdiri mahorat bilan badiiy adabiyotga ko‘chirilgan. Asar millatimizning armoni va alamlaridan so‘zlaydi. «Biz mag‘lub millatmiz, g‘ururni unutgan, qorin uchun yashashga o‘rgangan va ko‘ngan!». Bu qahramonning gapi, lekin ayni kunimizga juda-juda mos. Deyarli hech narsa o‘zgarmagandek.

Edward W. Said. Orientalism. Pantheon Books nashriyoti. 1978 yil. 368 sahifa.

гулноз набiеva, kitobxonлiк, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Muallif Sharqni anglash, talqin va tadqiq etishda G‘arb yondashuvining mohiyati, uning noxolis va tarafkashlikka asoslangani, Sharq ustidan hukmronlikka intilish mavjudligini ochib beradi. Muallif «oriyentalizm» atamasiga tanqid ko‘zi bilan qaraydi. G‘arb dunyosining imperialistik jamiyatlari bilan chambarchas bog‘liq bu tushuncha ko‘p hollarda siyosat va hokimiyatga xizmat qilishiga diqqatni qaratadi.

Yuval Noah Harari. Sapiens: A Brief History of Humankind. Harper nashriyoti. 2015 yil. 464 sahifa.

гулноз набiеva, kitobxonлiк, nima o‘qiymiz, tavsiyalar

Bu kitob insoniyatning rivojlanish tarixi alohida bosqichlaridagi kognitiv va ilm-fan inqilobi qay tariqa yuz bergani haqida sodda va aniq uslubda umumiy tushuncha beradi.

Bolalar va yoshlarga tavsiyalar

Yoshlar o‘qishi kerak bo‘lgan kitoblar ro‘yxatini yosh guruhlari bo‘yicha tavsiya etmoqchiman. Bolalikdan o‘qilsa, ulg‘ayganda ham bu odat yo‘qolmasligi haqiqatga yaqinroq.

12 yoshgacha

  • O‘zbek va jahon halqlari ertaklari;
  • Hans Kristian Andersen ertaklari;
  • Aka-uka Grimm ertaklari;
  • Jonatan Svift. «Gulliverning sayohatlari»;
  • Janni Rodari ertaklari;
  • Antuan de Sent-Ekzyuperi. «Kichkina shahzoda».

O‘smirlar uchun

  • Yunon mifologiyasi;
  • G‘afur G‘ulom. «Shum bola»;
  • Anna Frank. «Anna Frank kundaligi»;
  • Yoxanna Spiri. «Xaydi»;
  • Roald Dal. «Matilda»;
  • Harper Li. «Mazaxchini o‘ldirish»;
  • Joan Rouling. «Harri Potter» (barchasi qismlari);
  • Paulo Koelo."Alkimyogar";
  • Daniyel Defo. «Robinzon Kruzo».

Kattalar uchun

  • Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, Nazar Eshonqul asarlari;
  • «Izlam» to‘plamiga kirgan ijodkorlar kitobi;
  • Chingiz Aytmatov. «Asrga tatigulik kun», «Qiyomat»;
  • Gabriel Garsia Markes. «Mustabidning kuzi», «Yolg‘izlikning yuz yili»;
  • Gyote. «Faust»;
  • Lev Tolstoy. «Anna Karenina»;
  • Fransuz shoirlaridan Bodler, Pol Eluar, nemis shoirlaridan Paul Selan, Rike Sheffler asarlari.

Oxirgi yillari O‘zbekistonda juda ko‘p sara asarlar o‘zbek tiliga tarjima qilindi, bu quvornarli, ammo yetarli emas. Shu bois, chet tillarni o‘rganish muhim, chunki yangi nashrni asliyatda o‘qishga nima yetsin. Ingliz, nemis va dunyoning boshqa tillarida yozilgan ilmiy ishlar jamlangan Open Access tarmog‘idan uch milliondan oshiq kitob, dissertatsiya, esselarni bepul yuklab olish mumkin. Shu o‘rinda, Gyote institutining raqamli kutubxonasi haqida aytib o‘tmoqchiman — unda 35 000dan ortiq elektron kitob, film va boshqa kontentni topish mumkin.