2023 yilda jami 13 057 ta suv xo‘jaligi obyektida raqamli texnologiyalar joriy qilinib, shundan 10 937 ta obyektda «Aqlli suv» qurilmalari o‘rnatiladi. Bu haqida 2023 yilgi Davlat dasturi loyihasida keltirib o‘tilgan.

Loyihaning 14-bandi suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirishga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, suv resurslarini boshqarishda «vazir-mirob-fermer» uzluksiz tizimini yo‘lga quyish va suvni tejaydigan raqamli texnologiyalarni joriy qilish hisobiga suvni yetkazib berishdagi tabiiy yo‘qotishlar salmog‘i 10 foizga kamaytiriladi.

Suv solig‘i bo‘yicha tushimlarning 25 foizi tumanlarda sug‘orish xizmatlarini rivojlantirish, ariq, zovur va kanallarini betonlashga yo‘naltiriladi. Suv resurslari to‘g‘ridan-to‘g‘ri fermerlar chegarasigacha yetkazib berilib, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etiladi.

Shuningdek, suv resurslarini boshqarishda raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish, zarur irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarini o‘z vaqtida amalga oshirish orqali kamida 7 milliard kub metr suv iqtisod qilinishi va 300 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni sug‘orishga yo‘naltiriladi.

Natijada, 2023 yilda kamida 7 milliard suv iqtisod qilib 300 ming gektar takroriy ekinlarni sug‘orishga yo‘naltirish imkoniyati yaratiladi. Hisob kitoblarga ko‘ra, 2050 yilgacha Sirdaryo havzasi suv resursi 5 foizga, Amudaryo havzasi 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda. Talabga nisbatan yetishmaydigan suvning qariyb 12 milliard kub metr qismi suv iqtisod qilish tadbirlari hisobiga qoplanib, O‘zbekistonda 2030 yilga borib yetishmaydigan suv 3 milliard kub metrni tashkil qilishi mumkin.

Bundan tashqari loyihada suvning hisobini ochiq oshkora yuritish tizimni joriy yetish maqsadida 13 mingta suv xo‘jaligi obyektlarini raqamlashtirish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni Davlat budjeti mablag‘lari va xalqaro moliya institutlari grantlari hisobidan moliyalashtiriladi. 2023 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, joriy yilda jami 13 057 suv jo‘jaligi obyektlarida raqamli texnologiyalar joriy qilinib, «Aqlli suv» qurilmalari o‘rnatiladi. Suvning hisobini onlayn rejimda monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, 2100 meliorativ kuzatuv quduqlari avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga o‘tkaziladi. 20 ta yirik suv xo‘jaligi obyektlarini boshqarish jarayonlari avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkaziladi. Suv xo‘jaligi obyektlarini raqamlashtirish ishlariga jami 390 milliard so‘m mablag‘ ajralishi rejalashtirilgan.