10 fevral kuni prezident «Mebel mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilishni rag‘batlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PQ-51-sonli] qarorga imzo chekdi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga ko‘ra, 2023 yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvargacha tayyor mebel mahsulotlarini eksport qiluvchi tadbirkorlarga xorijdagi ofis, savdo va ombor binolarini ijaraga olish xarajatlarining bir qismi, ya’ni maydonning 250 kvadrat metr hududiga teng puli qoplab beriladi. Avval bu me’yor 100 kvadrat metr edi.

Shuningdek, yillik tushumida tayyor mebel mahsulotlari eksportidan tushum ulushi kamida 30 foizni tashkil qiladigan mahalliy korxonalar tomonidan injener-texnolog, lak va bo‘yoq sepish ustasi, dizayner kabi xorijiy mutaxassislar jalb qilinganda, ular ish haqining 25 foizi qoplab beriladi. Bu mehnatga haq to‘lash bo‘yicha eng kam miqdorining 9 barobaridan ko‘p bo‘lmagan qismi (8 mln 280 ming so‘m) qoplab beriladi.

2023 yil 1 fevraldan 2024 yil 1 yanvargacha tegishli mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, prezidentning 2021 yilda chiqqan qarorida nazarda tutilgan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlarni O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanilishi 2024 yil 1 yanvargacha uzaytirildi.

қарор