Shavkat Mirziyoyev 9 fevral kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga bordi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqida yuz bergan kuchli zilzilalar oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lgani munosabati bilan turk xalqiga va prezident Rejep Tayyip Erdog‘anga hamdardlik bildirgandi.

Shundan so‘ng zilzila oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashish uchun mamlakatdan bir necha guruh qutqaruvchilar Turkiyaga yuborilgan. Shuningdek, gumanitar yordam yuklari muntazam jo‘natib turilibdi.

Prezident Turkiyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga borib, qardosh xalqqa hamdardlik bildirdi.

Parvardigordan marhumlarni o‘z rahmatiga olishini, ularning oilasi va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik berishini so‘radi. Jarohat olgan insonlar tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tiladi. O‘zbek va turk xalqlari yaxshiyu yomon kunlarda hamisha birga bo‘lgan, bir-birini qo‘llab-quvvatlagan. Bu do‘stlik, qardoshlik va o‘zaro yelkadoshlik hozirgiday og‘ir kunlarda yanada bilinadi, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari O‘zbekiston barcha zarur yordamga tayyorligini bildirdi. Elchixonada ochilgan hamdardlik kitobiga tasalli so‘zlarni yozib qoldirdi.

«Gazeta.uz» avvalroq o‘zbekistonliklar Turkiya elchixonasiga gullar olib borayotgani haqida yozgandi.