O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti faoliyati o‘rganilganida unda bir qator xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Keltirilishicha, oliygohga o‘qishga qabul qilishda qonunchilik talablari buzilgan. Jumladan:

  • ijodiy imtihonlarni o‘tkazish uchun 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 3 kishidan kam bo‘lmagan tarkibda komissiya shakllantirilmagan;
  • 21 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilgan ijodiy imtihonlarda aynan bir shaxs bir vaqtda komissiyalarga raislik qilgan;
  • 24 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 189 nafar abituriyentning imtihon natijalari bayonnomalarda haqqoniy aks ettirilmagan;
  • 26 nafar abituriyentning ijodiy imtihon natijalari bayonnomalarda ko‘rsatilmasdan, asossiz baholangan;
  • ot sporti, xokkey, figurali uchish, tog‘ chang‘isi bo‘yicha sport inshootlari mavjud bo‘lmasa-da, 500 nafardan ortiq abituriyent shu yo‘nalishlarga o‘qishga qabul qilingan;
  • 90 nafar abituriyentning ijodiy imtihon ballari oshirib qo‘yilib, talabalikka qabul qilingan.

Buning oqibatida ijodiy imtihonlardan eng yuqori ball to‘plab, davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan 30 nafar talaba 1-semestr yakuni bo‘yicha qoniqarsiz baho olgan.

Xuddi shu kabi qonunbuzilish holatlariga universitetning Farg‘ona filialida ham yo‘l qo‘yilgan. Universitetda o‘qishga qabul kvotalari ham sun’iy ravishda oshirilib, 3160 o‘rinli universitetga 13 634 nafar yoki sig‘imga nisbatan 4,5 baravar ko‘p talabalar qabul qilingan.

So‘nggi 2 yilda talaba va o‘qituvchilar tomonidan jami 6 ta korrupsiyaviy va 23 ta boshqa turdagi jinoyatlar sodir etilgan. Tekshirish davomida o‘tkazilgan tadbirda talabalar D.I. va J.S. fuqaro G‘.M.ni o‘qishga kiritish uchun undan 5 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Bundan tashqari, 587 nafar o‘qituvchi va xodimga 1,2 mlrd so‘m rag‘batlantirish pullari hamda o‘tilmagan dars soatlari uchun 172 mln so‘m mablag‘ noqonuniy to‘lanib, talon-toroj qilingan. Aniqlangan holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, hozirda tergov olib borilmoqda.