2023 yilgi davlat dasturi loyihasida Toshkent viloyatida joylashgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining «Yoshlik» mis konini o‘zlashtirishning birinchi bosqichini tugatib, 3-misni boyitish fabrikasini ishga tushirish taklif qilinmoqda. Rejaga ko‘ra fabrika 60 mln tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega bo‘ladi.

Buning uchun «Yoshlik» mis konini o‘zlashtirish investitsiya loyihasi doirasida rejalashtirilgan «Yoshlik I» va 3-misni boyitish fabrikasi uchun asosiy texnologik uskunalarni qurilish maydonchasiga yetkaziladi. Mazkur vazifani avgust oyigacha bajarish reja qilingan.

Shuningdek, sentabr oyida rudani qayta ishlash quvvati 60 mln tonna bo‘lgan 3-misni boyitish fabrikasini qurilish-montaj ishlari yakunlanadi va 1-liniya ishga tushishi mumkin.

Loyihada Olmaliqda misni boyitish fabrikasi va Mis eritish zavodi loyihalarini boshlash taklifi ham ilgari surilgan. Rejaga ko‘ra, mart oyigacha Olmaliq KMK negizida rangli va qimmatbaho metallarni ishlab chiqarishni kengaytirish va ishga tushirish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi ishlab chiqiladi. Mis eritish quvvatlarini kengaytirishning asosiy muhandislik-loyihalash (Basic Engineering) ishlari yakunlanadi. Iyun oyigacha kombinat «HATCH» konsalting kompaniyasi bilan mis eritish quvvatlarini kengaytirishning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqishni yakunlaydi.

Bundan tashqari, agar mazkur davlat dasturi loyihasi tasdiqlansa, iyun oyigacha Navoiydagi Pistali konida 4 mln tonna oltin rudasini qayta ishlash majmuasining qurilishini yakunlanishi mumkin. Bu vaqt ichida kon va «6-gidrometallurgiya zavodi» («6-GMZ») uchun asosiy tog‘-kon va boyitish texnologik uskunalari sotib olinadi. Tashqi elektr ta’minoti qurilishi ishlari yakunlanadi. Buning ortidan sentabrgacha kon va 6-GMZ qurilish ishlarining 1-bosqichi yakunlanishi va foydalanishga topshirilishi mumkin.

Mazkur loyihalar hisob-kitoblarga ko‘ra tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari, tijorat banklari krediti, xorijiy investitsiyalar orqali moliyalashtirilishi kutilmoqda.

Uning ijrosini Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi B.Islamov, «Navoiy KMK» AJ, O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari AJ, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi L.Kudratov, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sherzod Kudbiyevlar amalga oshiradi. Ijro ustidan nazorat esa prezident Administratsiyasiga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilgi davlat dasturi loyihasi muhokamasi 17 fevralga qadar davom etadi. Unga regulation.gov.uz portali yoki Taraqqiyot strategiyasi sayti orqali taklif qoldirish mumkin.