O‘zbekistonda har oyda kamida bir marotaba Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hukumat a’zolari ishtirokida «Hukumat kuni»ni o‘tkazib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Bu haqda 2023 yilgi davlat dasturi loyihasida taklif kiritildi.

Undan hukumatning hududlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, aholi tomonidan ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni tezkor hal etish maqsad qilingan.

Buning uchun, avvalo, «Hukumat kuni»ni hududlar kesimida o‘tkazish bo‘yicha reja-grafikni va unda ishtirok etuvchi mansabdor shaxslar ro‘yxatini tasdiqlash rejalashtirilmoqda. Shundan so‘ng «Hukumat kuni» doirasida muhokama qilinadigan muammolarni tahlil qilish va uni hukumat a’zolariga o‘rganish uchun yetkazish bo‘yicha sohalar kesimidagi doimiy ishchi guruhlar tuziladi. Keyin «Hukumat kuni»ni o‘tkazish tartibi tasdiqlanadi.

Agar mazkur davlat dasturi tasdiqlanadigan bo‘lsa, band ijrosi bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasi shu yilning aprel oyiga qadar ishlab chiqilib, qabul qilinishi kerak. Uning ijrochilari — Vazirlar Mahkamasi, Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari. Ijro ustidan nazorat esa prezident Administratsiyasiga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilgi davlat dasturi loyihasi muhokamasi 17 fevralga qadar davom etadi. Unda regulation.gov.uz portali yoki Taraqqiyot strategiyasi sayti orqali taklif qoldirish mumkin.