Samarqand shahri atrofida joylashgan avtomobillarga gaz kuyish shahobchalaridan biri yaqiniga kelib, uchib keta olmagan tasqara qushiga yordam berildi. Bu haqida Samarqand viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Samarqand shahri yaqinidagi AGTKSHga tasqara qushi uchib kelgan va qayta uchib keta olmagan. Buni ko‘rgan shu atrofdagi odamlar esa Samarqand shahri Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limiga murojaat qilgan.

Qush bo‘lim xodimlari tomonidan veterinar ko‘rigidan o‘tkazilib, vaqtincha saqlash uchun «Zarafshon» milliy tabiat bog‘i pitomnigiga topshirilgan. Uning qayerdan kelgani esa noma’lum.

Eslatib o‘tamiz, tasqara Qizil kitobga kiritilgan bo‘lib, mutaxassislar bu qushga «tabiat sanitari» deb ham ta’rif bergan.