28 yanvar kuni soat taxminan 18:30 atrofida Angren shahri «Beruniy» mahallasida yashagan, 2004 yilda tug‘ilgan qiz o‘zini osib qo‘ydi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, R.N. yashash uyining molxona to‘siniga mato bilan o‘zini o‘zi osib, joniga qasd qilgan. Holat yuzasidan marhumaning yaqinlari va boshqa tegishli shaxslardan tushuntirish xatlari olinib, sudga oid tibbiyot ekspertizasi tayinlandi.

Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasining yozishicha, qizni shahar Milliy gvardiyasida ishlovchi yigit shantaj qilgan. Agar qiz yigit bilan uchrashishga kelmasa, bir nechta fotosuratlarini tarqatib yuborish bilan qo‘rqitgani aytilgan.

Hozirda shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.