O‘zbekistonga ilk bor dronlarni olib kiruvchilar uchun javobgarlikni yengillashtirish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2023 yilgi davlat dasturi loyihasining 14-maqsadi, 27-bandida qayd etilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonga birinchi marta uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirgan, o‘tkazgan, olgan, saqlagan yoki foydalangan shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilishi kutilmoqda. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, mamlakatda dronni noqonuniy olib kirgan yoki ulardan foydalangan kishi 3 yilgacha qamalishi mumkin.

Loyihada ushbu toifadagi huquqbuzarliklar uchun Jinoyat kodeksiga belgilangan sanksiyalarga muqobil jazo choralarini kiritish ham taklif qilinmoqda.

Dronlarni mamlakatga olib kirish uchun Madaniyat va turizm vazirligi, «Chorvoq» erkin turistik zonasi direksiyasi, «Geoinnovatsiya markazi» va YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy komissiyasiga ruxsat berilgan.

Band ijrosi bo‘yicha tegishli qonun loyihasi shu yilning dekabr oyiga qadar ishlab chiqilib, qabul qilishini kerak. Uning ijrochilari — Bojxona qo‘mitasi, Bosh prokuratura, DXX, IIV, Oliy sud, Adliya vazirligi va boshqalar etib belgilangan. Ijro ustidan nazorat esa — prezident Administratsiyasiga topshirilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilgi davlat dasturi loyihasi muhokamasi 17 fevralga qadar davom etadi. Unga regulation.gov.uz portali yoki Taraqqiyot strategiyasi sayti orqali taklif qoldirish mumkin.