2023 yil 1 martdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralarini joriy etishga bir yillik moratoriy o‘rnatilishi mumkin. Bu haqda joriy yilgi davlat dasturi loyihasida taklif kiritildi.

Ushbu tartib tadbirkor va korxonalarning huquqiy himoyasini yanada kuchaytirish va javobgarligini liberallashtirish maqsadida yo‘lga qo‘yiladi, deyiladi loyihada.

Uni tartibga solish uchun qonun loyihasi ham ishlab chiqilishi mumkin. Agar davlat dasturining mazkur bandi tasdiqlansa, qonunga savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlik ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish orqali bekor qilinadi.

Qolaversa, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan shaxs birinchi marta huquqbuzarlik sodir etsa, unga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanmaydi. Lekin uning qilmishi jinoyat ishlari yoki ko‘rib chiqilayotgan huquqbuzarliklar doirasida aniqlansa, javobgarlikka tortiladi.

Buni qonuniy belgilash uchun Adliya vazirligi Bosh prokuratura bilan birgalikda bir oy muddatda qonun loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Natijada tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq jazo choralari liberallashtirilishi kutilmoqda.

Hozirda Davlat dasturi loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unga 17 fevralgacha taklif kiritish mumkin.