Ustida oxori to‘kilmagan oq ko‘ylak, tim ko‘k kostyum-shim, etagi tizzadan ham pastga tushib turuvchi uzun qora plash, bo‘ynida tillarang ilmog‘i bor qizil-kulrang yo‘l-yo‘l galstuk, oyog‘ida qora tufli. Bilmaganlar bo‘yi baland bu odamni biror «kattakon»ning xos soqchisi deb o‘ylashi mumkin. Ha, u qachonlardir qo‘riqchilik qilgan. Lekin hozir xalq xizmatidagi dasturxonchi. Dasturxonchi Abdusalom Usmonov.

Oshga chaqirilgan erkaklar to‘yxonaga birin-ketin kirib kelarkan, Abdusalom aka ularni «xush kelibsiz», «keling, keling», deya kutib oladi. Mehmonni to‘yxona darvozasidan to belgilangan joyga qadar kuzatib borarkan, hurmat belgisi sifatida qo‘li ko‘ksidan tushmaydi. Ba’zida mehmonlarni eshik oldida kutib olib, katta zalga olib kiradiyu, estafetani hamkasblariga topshiradi: marosimning katta-kichikligiga qarab, unga uch nafardan 10 nafargacha dasturxonchi yordam beradi. Intervyu olingan kuni uning jamoasi «Yakkasaroy» to‘yxonasida 600 kishini kutib oldi.

Ko‘pchilik dasturxonchilarni hassakash va o‘rtakashlar bilan adashtiradi. Rossiya pedagogik va ijtimoiy fanlar akademiyasi muxbir-a’zosi, tilshunos Davlatbek Sa’dullayevning tushuntirishcha, hassakash deganda aza yo to‘y bo‘layotgan xonadonda tashrifchilarni kutib oluvchi, odatda, yoshi ulug‘ inson tushuniladi. Bu o‘zbekchilikda aksariyat marosimlar uy sharoitida o‘tkazilishi bilan ham bog‘liq. Shuning uchun ham kelayotgan odamlarni kutib oluvchi alohida odamga ehtiyoj sezilgan.

Janoza vaqti hassakash vazifasini marhumning yaqinlari bajaradi. Eski vaqtlarda mayit qabristonga olib ketilarkan, hassakashlar tobut oldida hassaga tayanib yo‘l boshlab borgan — «hassakash» degan atamaning kelib chiqishi ham shundan. Janozadan so‘ng uch kun davomida marhumning qarindoshlari ta’ziya bildirib, ko‘ngil so‘rab keluvchilarni hassakash sifatida kutib oladi. Tadqiqotchi Gulmira Shukurovaning qo‘shimcha qilishicha, inson hassaga tayanib, qaddini o‘nglab olishi mumkin bo‘lganidek, bunda hassakashlar ruhiy-ma’naviy jihatdan suyansa bo‘ladigan kishilardir, degan ma’noni ham ko‘rish mumkin.

O‘rtakash esa ikki-uch tomon yoki ikki-uch oila o‘rtasidagi vositachidir. U tadbirlar uyushtirish yoki maslahatlashuvlar, muzokaralar vaqtida mediatorlik vazifasini bajaradi. Lingvist Mehribon Abdurahimovaning qayd etishicha, o‘rtakash — bu yo boshlovchi, yoki osh marosimining mehmonlarni joy-joyiga o‘tqazib, so‘ng ularga choponlar kiydiruvchi tashkilotchisidir.

Dasturxonchilar esa alohida toifa. Davlatbek Sa’dullayevning tushuntirishicha, avvalari dasturxonchilik bilan asosan ayollar shug‘ulangan — ular to‘y va marosimlarga chaqirilgan mehmonlarni kutib olib, kuzatib qo‘ygan, ulardan sovg‘alarni qabul qilib olgan. Shuningdek, saroylarda saroy xizmatchilari, bek, amir va xonlar uchun tushlik va kechki ovqatlarni tayyorlashga mas’ul mulozimlar ham dasturxonchi deb atalgan — ular tadbirlar vaqtida mehmonlarni kutib olib, so‘ng kuzatib qo‘ygan.

Xon va amirlar o‘tmishda qolib ketdi. O‘tgan davr ichida dasturxonchi kasbi ham o‘zgarib, saroy mulozimidan to‘y yo aza munosabati beriladigan oshlarda xizmat ko‘rsatuvchi yordamchilarga aylandi. Ayollardan tashqari erkaklar ham dasturxonchilik qiladi. Ular nahorgi oshlarda, kuyov-navkarlarda, to‘ylarda xizmat qiladi. O‘zbekning to‘y-marosimlari 100 nafardan 1000 nafargacha (ba’zan hatto bundan ham ko‘proq) mehmon to‘plashi sababli, dasturxonchilar ham guruh bo‘lib ishlaydi.

Ko‘pchilik dasturxonchilarni o‘rtakashlar bilan adashtiradi, sababi unisining ham, bunisining ham vazifalari qatorida mehmonlarni kutib olish bor. Lekin, o‘rtakashlardan farqli o‘laroq, dasturxonchilar girgittonlik (ofitsiantlik) qilmaydi. Abdusalom aka ham «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida u hozirda shug‘ullanayotan kasb egalari «necha asrlardan beri» dasturxonchilar deb atalishini alohida ta’kidladi.

U o‘z qiziqishlari sabab dasturxonchiga aylangan. U bolaligidan to‘ylarni yaxshi ko‘radi. Asli «Rakat» mahallalik Abdusalom aka sakkiz yoshidayoq qo‘shnilarining to‘y-marosimlarida choy tashib, bo‘shagan idish-tovoqlarni yig‘ib, mehmonlarga xizmat ko‘rsatgan.

«Yordam ko‘rsatish — mening burchim», — deydi u, nega bu kasbni tanlaganini tushuntirarkan.

»dasturxonchi,

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Uning fikricha, mehmonnavozlik mahorati hammaga ham berilavermaydi. Abdusalom akaning ishlashini kuzatib, bu fikrga qo‘shilmay iloj yo‘q. Uning baland va o‘tkir ovozi to‘yxonadagi 500 qoshiqning laganlarga urilib jaranglashi, hofizning kuyi, erkaklarning g‘ala-g‘ovurini bosib ketadi. Aytgancha, to‘y-marosim tashkilotchilari orasida uni «o‘zbek Levitani» deb ham ta’riflasharkan. «Nima balo, sabvufer yutvorganmisan, deb hazillashib ham turishadi», — deydi Abdusalom aka. Ovozi tug‘ilganidan beri shunday — alohida shug‘ullanmaydi.

U mehmonlarga ularni xuddi azaldan taniydigandek, bugungi osh esa yana ko‘rishish uchun go‘yo bir bahona bo‘lganidek peshvoz chiqadi. Yoshi ulug‘roq mehmonlar marosim boshlangunicha eshik oldida turib qolsa, stul keltirishni buyuradi, hol-ahvol so‘raydi, «nevaralaringizning baxtini ko‘ring», deb ko‘nglini ko‘taradi. Bunday ehtiromdan, aftidan, qanday javob qaytarishni bilmaganing sabab, noqulaylik hissi uyg‘onadi. Umuman, kimdir bunday munosabatdan quvonsa, boshqalar alohida e’tibor qaratib ham o‘tirmaydi.

U o‘z ko‘nikma va tajribasi uchun xalq orasida «Osh markazi» nomi bilan tanilgan «Besh Qozon» restoranining sobiq rahbari Mirsolih akadan minnatdor. Koronavirus sabab vafot etguniga qadar, u Abdusalom akaga mehmonnavozlikning sir-asrorlarini o‘rgatgan edi. Abdusalom aka «Besh Qozon»ga xalqaro aeroportdagi ishi — qo‘riqchilikni tashlab o‘tgandi. Pandemiyaga qadar osh markaziga har kuni 5−10 ming xo‘randa kelardi. Mirsolih akaga mehmonlarni kutib olib, restoranning umumiy ahvolini nazorat qilib bora oladigan odam kerak edi. Tanlov Abdusalom akada to‘xtagan.

«Bu ishda birinchi navbatda qilishing kerak bo‘lgan narsa — hurmat va to‘g‘ri yondashuv. Ikkinchidan — hurmat va to‘g‘ri yondashuv. Uchinchidan ham — hurmat va to‘g‘ri yondashuv», — Abdusalom aka shunday deb Mirsolih akaning o‘gitlari bilan o‘rtoqlashadi.

»dasturxonchi,

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

«Besh Qozon»dagi uch yillik — 2017 yildan 2020 yil qadar davom etgan faoliyati davomida u jahonga mashhur ko‘plab insonlarni kutib olgan va ular bilan tushgan suratlarini g‘urur bilan smartfonidan topib ko‘rsatadi. Taxminan shu vaqtlarda unga to‘y-marosimlarda yordam berib turish haqida iltimoslar tusha boshlagan. Mirsolih aka vafot etgach, Abdusalom Usmonov «Besh Qozon»ni tark etishga va bor vaqtini tadbirlarda odamlarga yordam berishga ajratishga qaror qilgan.

Professional dasturxonchining ishida mayda-chuyda yo‘q, hamma narsa muhim. Mehmon kelarkan, uni qo‘lni ko‘ksiga qo‘ygan holda tavoze bilan kutib olish lozim. Kimni qayerga o‘tqazish buyurtmachi bilan oldindan gaplashib olinadi. Abdusalom akaning aytishicha, u odamlarni ijtimoiy yo iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib ajratmaydi. Mehmon o‘z o‘rniga o‘tirgach, undan hol-ahvol so‘raladi. Bu — u bilan o‘tirib olib maroqli suhbat boshlash uchun emas, shunchaki o‘zbekcha mulozamat. So‘ng, agar stolda choy yo‘q bo‘lsa, ofitsiantga choy keltirish buyuriladi va «Yaxshi o‘tiringlar» deya, yana eshikka qaytiladi.

Tasavvur qilaylik, dasturxonchi nikoh to‘yi munosabati bilan berilayotgan oshda xizmatda. Oshxo‘rlik boshlangach, u stolma-stol yurib, choy yo boshqa narsa kerak emasmi, deb ahvol so‘raydi. Laganlari bo‘shatilgan stollarga borib, mehmonlar ruxsati bilan idishlarni oladi va ofitsiantlarga uzatadi. So‘ng dasturxonga qisqa fotiha o‘qib, «Xudo xohlasa, aqiqa-to‘ylarida uchrashaylik» degancha mehmonlarni kuzatib qo‘yadi.

»dasturxonchi,

Foto: Yevgeniy Sorochin / «Gazeta.uz».

Zarurat tug‘ilsa, dasturxonchi kelin va kuyov tomon o‘rtasida sovg‘a almashish marosimini ham o‘tkazib berishi mumkin. Bunda u qarindoshlarning ismini o‘qib, ularga birma-bir sovg‘alarni topshiradi.

Aslini olganda, Abdusalom aka va uning jamoasi g‘amxo‘rlik va mehmondo‘stlikni taklif etadi. «To‘y mavsumi»da ular kuniga uchtadan beshtagacha marosimda xizmat ko‘rsatishi mumkin. Buyurtmalar butun O‘zbekistondan tushadi. Bir safar, Chirchiqda Abdusalom akaning jamoasi 3500 mehmonni kutib olgan. Kelib qarashsaki, to‘y egasi ochiq joyda ming kishilik dasturxon yozgan. Mehmonlarning oxiri ko‘rinmagan. «Stollar uch marta bo‘shab qolgandi, — deb eslaydi u. — Biz esa atigi uch kishi edik».

Abdusalom akaning jamoasi xususiy buyurtmalardan tashqari davlat tadbirlarida ham ishlaydi. Birinchi prezident Islom Karimov vafoti munosabati bilan xalqqa osh berilganida ham xizmatda uning jamoasi bo‘lgan.

Abdusalom aka va uning jamoasi o‘zlari xizmat qilgan marosimlarda osh yeyishmaydi. «Qoidasi shunaqa», — deydi u. Eng qizig‘i, «osh»larda xizmat ko‘rsatgan dasturxonchining o‘zi turk oshxonasi va qaynoq bardak-choyni yaxshi ko‘radi. U uyga 18:00—19:00 larda qaytib, oqshomni bolalari bilan o‘tkazadi. Ular chizgan suratlarini ko‘rsatishadi, otasi esa ularning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga harakat qiladi. U marosimlarda mehmonlarni: «Farzandlaringiz kamolini ko‘ring», deya duo qilarkan, aslida xuddi shu manzarani tasavvur qiladi har safar.

50 yoshli Abdusalom aka dasturxonchilikni tanlaganidan hech afsuslanmaydi. Odamlarning duoi-fotihalari ichida yuraman doim, deydi. Uning kasbi o‘zbekning mehri va samimiyatini namoyon qiladi, deb hisoblaydi. «Mehmonlarni chiroyli kutib olish biz o‘zbeklarning qonida bor, — deydi u. — Men shu an’analarni davom ettiryapman».

«Vaqti-soati kelib, hammamiz ham bu dunyoni tark etamiz. Men o‘zimdan yaxshi nom qolishini xohlayman», — deydi Abdusalom aka.