1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha yangi jinoyat ishi bo‘yicha Buxoro viloyat sudida bo‘lib o‘tayotgan sud jarayonining birinchi kunida prokuratura 39 nafar sudlanuvchiga nisbatan ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi.

O‘zbekiston Oliy sudi o‘qib eshittirilgan ayblovlarni qisqacha keltirib o‘tdi. Ularni quyida keltirib o‘tamiz.

Alymbay Мyrzambetov (1979 yilda tug‘ilgan, ishsiz) — 2022 yil 2 iyul kuni Chimboy tumanida to‘plangan odamlarga ovoz kuchaytirish moslamalari orqali Dauletmurat Tajimuratov lider ekanligi, uni ozod qilish va Qoraqalpog‘istonga bosh etish lozimligini ma’lum qilib, ommaviy tartibsizliklarga da’vat qilgan;

Dauletkeldi Nadirbayev (1988, Xalq banki Taxtako‘pir filiali yuristi) — 2022 yil 2 iyul kuni Taxtako‘pir tumanida odamlarni to‘plab, ommaviy tartibsizlikda ishtirok etish uchun Nukus shahriga kelishlariga yetakchilik qilgan;

Polat Yesengeldiyev (1989, “O‘zbekiston temir yo‘llari” poyezdi vagon konduktori) — 2022 yil 2 iyul kuni Qo‘ng‘irot tumanida odamlarni to‘plab, ommaviy tartibsizlikda ishtirok etish uchun Nukus shahriga kelishlariga yetakchilik qilgan;

Kamal Yeshjanov (1999, ishsiz) va Muratbay Pirlepesov (1978, yakka tartibdagi tadbirkor) — 2022 yil 2 iyul kuni Qonliko‘l tumanida “Kanteks” korxonasi faoliyatini to‘xtatib, ishchilarni ommaviy tartibsizlikda ishtirok etishga majbur qilgan;

Adilbek Sariyev (1985, yollanma ishchi) — 2022 yil 2 iyul kuni Nukus tumanida odamlarni to‘plab, ommaviy tartibsizlikka jalb qilib, ularga yetakchilik qilgan;

Nusret Bauyetdinov (1970, ishsiz) — 2022 yil 2 iyul kuni Qonliko‘l tumanida odamlarni to‘plab, ommaviy tartibsizlikda yetakchilik qilgan;

Alysher Sharapov (1989, yollanma ishchi) — 2022 yil 1−2 iyul kunlari Qorao‘zak tumanidan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, ularda faol ishtirok etgan;

Ongarbay Mamutov (1966, 2-gurun nogironi) — 2022 yil 2 iyul kuni Shumanay tumanida ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilgan;

nukus voqealari, sud

Rustam Dosymbetov (1985 yil, ishsiz), Kongratbay Bekpolatov (1985 yil, “Berdi-Trans” kompaniyasi haydovchisi), Ruslan Baimbetov (1988 yil, “Davlet Trans” haydovchisi), Kuanyshbay Baxiyev (1988 yil, yakka tartibdagi tadbirkor), Islom Saparov (1989 yil, yakka tartibdagi tadbirkor) , Nuratdiyin Xabipov (1992, Milliy gvardiya Nukus shahar boshqarmasi askari) va Zairbek Pirjanov (1986, prezident maktabi haydovchisi) — 2022 yil 2 iyul kuni Nukus shahridagi “Naupir” mahallasida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun jalb qilingan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga hujum qilib, ularga tan jarohatlari yetkazgan;

Azamat Allanazarov (1997, taksi haydovchisi), Nursultan Duysenbayev (1998, mavsumiy ishchi), Nursultan Baylepesov (1993, haydovchi) va Alpamys Jumabekov (1994, mavsumiy ishchi) — 2022 yil 2 iyul kuni Nukus shahridagi “Aqjag‘is” MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun jalb qilingan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga hujum qilib, ularga tan jarohatlari yetkazib, ulardan “PM” rusumli pistoletini tortib olgan;

Asylbek Omirzakov (1991, yakka tartibdagi tadbirkor) — Nukus shahrining 21-kichik tumani Beruniy ko‘chasida jamoat tartibini saqlayotgan ichki ishlar organi xodimlariga tan-jarohati yetkazib, birining cho‘ntagida bo‘lgan “SAMSUNG GALAXY A1” rusumli mobil telefon apparatini tortib olgan;

Zamirbek Tadjimuratov (1988, ishsiz) — 2022 yil 1 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda faol ishtirok etib, Dauletmurat Tajimuratovni huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan himoya qilib, ularga tan jarohatlari yetkazgan;

Oralbay Dosnazarov (1977, “Nыzam ustinligi” advokatlik byurosi advokati) — 2022 yil 27 iyun kuni Nukus shahridagi “Toshkent” mehmonxonasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilishi ko‘zda tutilayotgan o‘zgartirishlarni bo‘yicha e’tirozlari yuzasidan advokatlar yig‘ilishini o‘tkazgan hamda Dauletmurat Tajimuratov 2022 yil 1 iyul kuni ushlangan vaqtida ommaviy tartibsizlik ishtirokchilarini 2-sonli tergov hibsxonasiga to‘plab, Dauletmurat Tajimuratovni qo‘yib yuborilishini talab qilishga yetakchilik qilgan;

Тimurbек Ismailov (1997, 12-maktab o‘qituvchisi) — 2022 yil 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda odamlarni Jo‘qorg‘i Kenges va Nukus xalqaro aeroportini bosib olishga da’vat qilib, tartibsizliklarda faol ishtirok etgan;

Islam Polatov (1999, ishsiz) — uning yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelib, 2022 yil 1−2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishda faol ishtirok etib, separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan videomateriallarni joylashtirib kelgan;

Sharapat Ashirbekov (1979, ishsiz) — “Tajimuratov Dauletmurat” YouTube-kanaliga ma’murlik qilib, separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan videomateriallarni joylashtirib kelgan hamda ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishda faol ishtirok etgan;

Dauranbek Ramanov (1996, ishsiz) — Dauletmurat Tajimuratovga yordamchi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelib, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishda faol yordam bergan va separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan videomateriallarni tarqatgan;

Rasul Sultaniyazov (1990, Trans Less kompaniyasi ishchisi) — 2022 yil 1−2 iyul kunlari odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, faol ishtirok etgan;

nukus voqealari, sud

Abdimalik Xojanazarov (1974) “Yel xыzmetinde” gazetasi bosh muharriri bo‘lib, separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan maqolalar chop etgan hamda D. Tajimuratovning topshirig‘iga asosan fuqarolardan konstitutsiyaga kiritilishi ko‘zda tutilayotgan o‘zgartirishlar bo‘yicha takliflarni yig‘ib, axborot berib borgan hamda ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishda faol ishtirok etgan;

Yesimkan Qanaatov (1981, “Ishonch” gazetasi muxbiri, O‘zA sobiq muxbiri) — separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan maqolalarni tayyorlab, ularni chop etgan, shuningdek, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishda faol ishtirok etgan;

Omirbek Kurbanov (1986, yakka tartibdagi tadbirkor) — ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi videomateriallarni joylashtirib, 2022 yil 1−2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarda faol ishtirok etgan;

Raximjan Jumabayev (1992, taksm haydovchisi) — 2022 yil 2 iyul kuni Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish uchun safarbar qilingan huquqni muhofaza qilish organlari avtomashinalarini harakatlanishiga to‘sqinlik qilish maqsadida avtoshina yoqib, yo‘llarni to‘sgan;

Abzal Nauryzbayev (1996, Qoraqalpog‘iston davlat universiteti talabasi) — 2022 yil 2 iyul kuni Nukus shahridagi Beruniy va A. Dosnazarov ko‘chalari chorrahasida ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish uchun safarbar qilingan huquqni muhofaza qilish organlari avtomashinalarini harakatlanishiga to‘sqinlik qilish maqsadida avtoshina yoqib, yo‘llarni to‘sgan;

Nurmuxammed Genjebayev (2004, ishsiz) — 2022 yil 2 iyul kuni Qonliko‘l tumanida ommaviy tartibsizliklarda faol ishtirok etib, avtoshina yoqib, tuman hokimligi binosiga uloqtirgan;

Islambek Aitmuratov (1993, Qo‘ng‘irot vagon deposi nazoratchisi) — 2022 yil 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda To‘rtko‘l guzari ko‘prigida “molotov kokteyli"dan foydalanib, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari faoliyatiga qarshilik qilgan;

Aydos Yesemuratov (1993, ishsiz) — 2022 yil 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklar paytida Nukus shahar obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli suv tashish texnikasini o‘zboshimchalik bilan u yerdagi Milliy gvardiya xodimlari tomonga boshqarib, postni buzib o‘tishga harakat qilgan;

Kuanyshbay Begaliyev (1989, “Trans yo‘l kurilish” kompaniyasi haydovchisi) — 2022 yil 2 iyul kuni ommaviy tartibsizliklar paytida Nukus shahar obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli suv tashish texnikasini o‘zboshimchalik bilan u yerdagi Milliy gvardiya xodimlari tomonga boshqarib, postni buzib o‘tishga harakat qilgan;

Manas Raxmanov (1993, “Zarqand” qandolatchilik korxonasi savdo agenti) — 2022 yil 1 iyul kuni D. Tajimuratov huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan ushlangan vaqtida uyiga odamlarni to‘plab, sektor rahbarlaridan uni qo‘yib yuborishlarini talab qilgan hamda ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishda faol ishtirok etgan;

Amantay Seytmuratov (1976, ishsiz) — 2022 yil 1 iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda faol ishtirok etib, Dauletmurat Tajimuratovni qo‘llab-quvvatlab, Jo‘qorg‘i Kenges raisi avtomashinasi ustida agressiv harakatlar sodir etgan.

Avvalroq 39 nafar sudlanuvchi qaysi moddalar bo‘yicha ayblanayotgani haqida yozgan edik.