4−5 fevral kunlari Fransiya poytaxti Parijda o‘tgan dzyudo bo‘yicha «Katta dubulg‘a» turnirini jami 7 nafar bo‘lib qatnashgan o‘zbekistonliklar 2 ta bronza medali bilan yakunladi, deya xabar bermoqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Turnirning final blokidan o‘rin olgan bahslarda -60 kg vazn toifasida Kamoliddin Baxtiyorov bronza medali uchun kurash olib borib, mo‘g‘ulistonlik Ariunbold Enxtayvanni mag‘lub etdi. Baxtiyorov yengan mo‘g‘ulistonlik sportchi Toshkentda o‘tgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatida kumush medalga ega chiqqandi. Bu uning xalqaro turnirdagi birinchi medali bo‘ldi.

+100 kg vazn toifasida esa ikki o‘zbekistonlik: Shohruh Baxtiyorov va Alisher Yusupov bronza medali uchun o‘zaro bahs olib borishiga to‘g‘ri keldi. Unda Alisher Yusupovning qo‘li baland keldi va jamoaga 2-bronza medalini taqdim etdi.