O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovning Farg‘onada tibbiyot xodimlari va OAV vakillari bilan uchrashuvda «bemorga mehr bilan yondashsangiz, rozi bo‘lib, o‘zi sizga berib ketadi» mazmunida aytgan so‘zlari tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi huzuridagi jamoatchilik kengashi munosabat bildirdi.

Kengash vazirlik rahbariyatining korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha boshlagan ishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq shifokorlarni rag‘batlantirish yo‘llaridan biri sifatida bemorlar bergan mablag‘ning e’tirof etilishi qonunchilikka va mamlakatda olib borilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga zid harakat sifatida qayd etildi.

«Mazkur taklif tizimda korrupsiyaviy jinoyatlar sonining ortishiga hamda shifokor kasbi mavqeining pasayishiga, sog‘liqni saqlash tizimiga xalqning ishonchi kamayishiga sabab bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, SSV va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining qo‘shma bayonotida «Tibbiyot xodimlariga munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini oshirish, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish, bunda, tibbiyot xodimlari malakasiga, ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat hajmi, murakkablik darajasi va sifatiga qarab mehnatga haq to‘lashning toifalangan zamonaviy mexanizmlarini joriy etish» belgilangan.

Jamoatchilik kengashi shifokorlarni rag‘batlantirishda bemorlardan pul olish singari (ixtiyoriy yoki ixtiyoriy emasligidan qat’i nazar) noqonuniy xatti-harakatlarni bartaraf etish hamda haq to‘lashning toifalangan mexanizmini joriy etish vazirlikning asosiy maqsadi bo‘lishi lozimligini bildirdi.

Shuningdek, ushbu masala ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishini ma’lum qildi.