Qashqadaryo viloyati prokuraturasi «Agrobank» ATB Qamashi tumani filiali mansabdor shaxslari salkam 4 mlrd so‘mni o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda gumonlanayotgani haqida xabar bergandi. Mazkur xabarga Agrobank ATB matbuot xizmati munosabat bildirdi.

Unda qayd etilishicha, haqiqatdan ham ushbu jinoiy holat bank tomonidan o‘tkazilgan rejali komplayens tadbirlari davomida aniqlangan va O‘zbekiston Bosh prokuraturasi hamda Markaziy Bank o‘rtasida imzolangan 304-sonli tartibga asosan to‘plangan hujjatlar Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan.

«Ommaviy axborot vositalari e’tiborini shunga qaratamizki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Jinoyat Kodeksi talablariga ko‘ra shaxs sud hukmiga asosan u yoki bu jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilmaguniga qadar uni jinoyat sodir etishda ayblash yoki gumon qilish mumkin emas hamda «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi qonunning 6 moddasiga asosan aynan prokuror, tergovchi yoki surishtiruvchining yozma ruxsatisiz tergov materiallarini e’lon qilish ta’qiqlangan. Shu munosabat bilan bu haqida ommaviy axborot vositalari orqali ma’lumot tarqatish shaxsning huquqini poymol qilish va bankni obro‘sizlantirish deb hisoblanadi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, bank matbuot xizmati «Axborot olish erkinligi to‘g‘risida»gi qonuni talablariga ko‘ra e’lon qilinayotgan ma’lumotning haqqoniyligi va sifatliligini ta’minlash uchun hamkorlik qilishni so‘radi.

Avvalroq, tergov davomida 3 nafar mansabdor shaxsga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgani va 4 mlrd so‘m talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgandi.