Ijtimoiy tarmoqlarda «Sirdaryo tumani Sholikor MFYda yovvoyi to‘ng‘izlar aholiga hujum qilayotgani, natijada odamlar jarohatlanayotgani aytilmoqda» mazmunida videoxabar tarqaldi. Ushbu xabar yuzasidan Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi munosabat bildirdi.

Ta’kidlanishicha, 2022 yilning 7 oktabr kuni Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, viloyat IIB JXX va JTSB hamda Ovchilik birlashmasi xodimlari hamkorligida nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan. Tadbir davomida videotasvirdagi holat Guliston tumani «Chortoq» mahallasidagi fermer xo‘jaligi hududida bo‘lgani, fuqaro B.A. o‘ziga tegishli ov quroli yordamida ov qoidalarini buzgan holda 1 dona to‘ng‘iz (yovvoyi cho‘chqa) ovlagani aniqlangan.

yovvoyi to‘ng‘iz, сирdaрё viloyati, ноқонuniй ovchiлик

Foto: Sirdaryo viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati

Viloyat ekologiya boshqarmasi matbuot kotibi Xurshida Yusufjonovaning «Gazeta.uz» muxbiriga aytishicha, holat 2022 yilning kuzida kuzatilgan va boshqarma inspektorlari tomonidan oktabr oyida o‘rganilib, aniqlik kiritilgan.

«Oradan ancha vaqt o‘tib, yanvar oyi oxirlarida o‘sha holat bo‘yicha yana videolar tarqaldi. Biz bu holatni oktabrda o‘rganib, o‘sha paytdayoq rasmiy munosabat ham berganmiz. Shuni alohida aytishim kerakki, videoda traktor to‘ng‘izni sudrab ketayotgani aks etgan holat o‘z tasdig‘ini topgan. Ammo tasvirda odamni to‘ng‘izdan qochib, daraxtga chiqib olgani bu jarayonga taalluqli emas. Videodagi bu kadrlar montaj qilinib, qo‘shib yuborilgan. Buni kim va nima maqsadda qilganligini bilmaymiz. To‘ng‘izning odamlarga tashlanib, quvlagan holati Sirdaryoda umuman bo‘lmagan, bunday xabarni eshitmaganmiz», — dedi u.

Uning qo‘shimcha qilishicha, fuqaro B.A. faqat bitta to‘ng‘iz ovlagan. Unga nisbatan O‘zbekiston МЖтКнинг 90-modda 1-qismi bilan ma’muriy jarima (3 mln so‘m) jazosi belgilangan.

Xurshida Yusufjonovaning qayd etishicha, fuqaro B. A.da faqat bitta to‘ng‘izni ovlashga ruxsatnoma bo‘lgan. Tartibga ko‘ra, ovchi ovlagan hayvonini litsenziyasiga belgilashi kerak.

«Ammo fuqaro B. A. ov jarayonidan so‘ng to‘ng‘izni ovlaganini litsenziyasiga belgilamagan, hayvonni ov qilingan hududdan olib chiqib ketmagan. Shu sababli u jarimaga tortilgan. Agar bizning inspektorlar uni ko‘rib qolmaganida, fuqaro yana boshqa to‘ng‘izni ovlashi mumkin edi. Chunki u litsenziyasiga bitta to‘ng‘izni ovlaganini belgilamagan, bo‘sh joy qolib ketgan edi» — dedi u.