Buxoro viloyatida noqonuniy diniy ta’lim berayotgan shaxslar aniqlandi, deya xabar bermoqda Buxoro viloyat IIB.

Xususan, 31 yanvar kuni Peshku tumanida istiqomat qiluvchi S. Sh. (1987 yilda tug‘ilgan) va X. B. (1990) tomonidan tashkil etilgan «Misvoh» nomli o‘quv markazida arab tilini o‘rgatish bahonasida 9 nafar voyaga yetmagan yosh va 19 ta katta yoshdagi shaxsga qonunga xilof ravishda diniy ta’lim berib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, T. M. (1993) Telegram mesenjerida «Muslimalar» nomli virtual guruh tashkil qilib, 8 nafar fuqaroga rasmiy hujjatlari bo‘lmagan holda onlayn tarzda arab tilini o‘rgatish bahonasida noqonuniy diniy ta’lim berib kelayotgani aniqlandi.

«Javobgar shaxslar tomonidan O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan faoliyati taqiqlangan „Salafiylar“ DEOning g‘oyaviy rahnamolaridan biri bo‘lgan Sodiq Samarqandiy ma’ruzalarini ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib kelgani ham ma’lum bo‘lgan», — deyiladi xabarda.

«Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunining 3-moddasida diniy tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatish, diniy tashkilot tomonidan faoliyatni o‘zi turgan joydan, shu jumladan ibodat qilinadigan binolardan va diniy tashkilotga tegishli hududlardan tashqarida amalga oshirish, shuningdek diniy ta’lim muassasalaridan tashqarida xususiy tartibda diniy ta’lim faoliyati bilan shug‘ullanish taqiqlanadi.

Qolaversa, 8-moddasida har kim diniy ta’lim muassasalarida professional diniy ta’lim olish huquqiga ega ekanligi, diniy ta’lim muassasalarida o‘qishga fuqarolar qonunchilikka muvofiq umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim yoki professional ta’lim olganidan keyin qabul qilinishlari belgilab qo‘yilgan.

«Shu munosabat bilan ushbu fuqarolarning xatti-harakatlarida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 241-moddasida (Diniy ta’limotdan saboq berish tartibini buzish) ko‘zda tutilgan noqonuniy harakatlar mavjud», — deyiladi xabarda.