O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 fevral kuni Namangan viloyatida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda mamlakatda keskin sovuqdan jabr ko‘rgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini ma’lum qildi, deb xabar berdi Milliy axborot agentligi bosh direktori o‘rinbosari Xushnudbek Xudayberdiyev.

“Bu yil qish nihoyatda sovuq keldi. Ko‘plab tadbirkorlar bundan qiynalganini bilib turibman”, — dedi prezident.

Xususan, respublikada 3 mingta hududiy sanoat korxonasida 7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmagan (ularda 350 ming aholi band). Hisob-kitobga ko‘ra, zarur choralar ko‘rilmasa, birinchi chorakda yalpi mahsulot o‘sishi 1,5 foizgacha pasayishi mumkin (5 foizdan 3,5 foizgacha).

️"Oldimizda dolzarb vazifa — “qattiq sovuq” oqibatlarini bartaraf etib, biznes faoliyatini tezroq izga tushirish", — dedi Shavkat Mirziyoyev. Shu bois iqtisodiyotda yo‘qotishlar o‘rnini qoplash va biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun alohida qaror imzolangan.

Unga ko‘ra, “qattiq sovuq"dan qiyinchilik ko‘rgan tadbirkorlarga kredit, soliq, bojxona va boshqa to‘lovlar bo‘yicha yengilliklar beriladi. Jumladan:

  • 2 ming nafar kichik va o‘rta tadbirkorlarning yanvar-martda muddati keladigan 4,7 trillion so‘m kredit to‘lovlari 1 iyunga qadar uzaytiriladi;
  • 29 mingta tadbirkorning 2 trillion so‘m soliqdan qarzini 1 iyulga qadar foizsiz, qo‘shimcha garovsiz va “penya"siz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;
  • quvvati pasaygan 545 ta sanoat korxonasiga ishlab chiqarishni tiklash va aylanma mablag‘ uchun 8 trillion so‘m kredit ajratiladi;
  • nosoz uskunalarni ta’mirlashga kreditlar ajratiladi, ular bo‘yicha 2,5 milliard so‘mgacha kafillik beriladi va kredit stavkasining 4,5 foizi qoplab beriladi;
  • 27 mingta tadbirkor uchun davlat mulki ijara to‘lovi 1 aprelga qadar o‘zgarmaydi va uni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi (tadbirkorlarda 52 milliard so‘m qoladi);
  • davlat mulkini sotib olgan tadbirkorlar uchun to‘lovlar, foiz va “penya” 1 aprelga qadar to‘xtatib turiladi;
  • ishlab chiqarish binolarining har bir yuqori qavati uchun tadbirkorlarga mol-mulk solig‘idan 10 foizdan chegirma beriladi.

Shuningdek, qurilish va qurilish materiallari tarmoqlarini tezroq tiklash uchun davlat investitsiya dasturidan 3 trillion so‘mlik moliyalashtirish shu haftadan ochiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri hokimligi tomonidan anomal sovuq davrida elektr va tabiiy gaz ta’minotidagi uzilishlar sababli tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yuzaga kelgan salbiy oqibatlarni bartaraf etish maqsadida poytaxt tadbirkorlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgandi.