1 fevral kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida o‘tkazilgan yig‘ilishda Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshooti yana qayta ishga tushirilishi mumkinligini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda O‘zA.

«Afsuski, o‘z vaqtida So‘xdagi yerosti gaz saqlash inshooti ayrim sabablar bilan yopib qo‘yilgan edi. Qirg‘izistondagi davlat tashrifi chog‘ida Sadir Japarov bilan bu masalada ham kelishib oldik. Yaqinda energetika vazirimiz Qirg‘izistonga borib, texnik tomonlarini kelishib keladi», — dedi prezident.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, Shimoliy So‘x yerosti gaz saqlash inshootining hajmi taxminan 2,5−3 mlrd kub metr atrofida. Shundan 1,3 mlrd kub metr gazdan foydalanish mumkin, qolgani bufer zonada turadi. Bu degani qish mavsumida vodiyni har kuni 13 mln kub metr gaz bilan ta’minlashga imkoniyat bo‘ladi.

«Mazkur inshootning asosiy gaz saqlash qismi Qirg‘iziston hududida joylashgan, kompressorlar esa O‘zbekiston hududida. Shu sababli inshootdan umumiy foydalanish borasida muzokaralar olib boriladi. Eng avvalo, ishchi guruh barcha texnik va iqtisodiy tomonlarini batafsil o‘rganib chiqadi. Chunki inshootdan ancha yillardan buyon foydalanilmagan, hozirgi holatini yaxshilab o‘rganib chiqishimiz kerak. Shundan so‘ng shartlar kelishib olinadi. Balki bu ijara huquqi asosida bo‘lar, lekin hozircha biror fikr aytishga erta», — dedi vazir.