Oliy Majlis Qonunchilik palatasi sobiq deputati Rasul Kusherbayev O‘zbekiston Tabiat resurslari vazirligida ish boshladi. U vazir Aziz Abduhakimovning maslahatchisi bo‘ladi.

Kusherbayev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida unga prezident Administratsiyasidan ushbu lavozim taklif qilinganini aytdi.

«Eng muhimi erkin ishlaydigan sharoit bo‘lishi kerak, meni odamlardan uzoqlashtirmaydigan sharoit bo‘lsa ishlayman, degandim. Shuning uchun ushbu lavozim shunaqaroq shekilli, taklif qilishdi. Qani, ko‘ramiz-da, ishlayveraylik-chi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘ziga qanday vazifalar yuklanishini bilmasa-da, sobiq deputat qonunchilikni takomillashtirish, ochiqlikni ta’minlash, vazirlik tizimida xalqaro tartiblarni joriy qilish masalalari muhokama qilingan.

O‘tgan yil oxirida Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari Ulug‘bek Inoyatov 2023 yilgi Davlat budjeti muhokamasi chog‘ida unga so‘z bermagani uchun Rasul Kusherbayev deputatlik faoliyatini to‘xtatishga qaror qilgan edi. «Bunday ishlay olmas ekanman, bunga majbur bo‘lganimdan afsusdaman», — deb yozgandi u.

Keyinroq sobiq deputat internetda uni Toshkent hokimi etib tayinlash haqidagi takliflarga javoban «bu xalqning xohishi bo‘lishi mumkin, rahbariyatning emas», dedi. U bunga rozi bo‘lmasligini, chunki «noqonuniy buyruqlar»ni bajarishni istamasligini, «rahbariyat, nazarimda, buni xohlamasligini» bildirdi.