O‘zbekistonda erta turmush va erta tug‘ruq holatlari haligacha dolzarb muammolar sifatida qayd etilmoqda. Bu haqda 1 fevral kuni o‘tkazilgan Xalqaro press-klub sessiyasida «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Nodira Egamberdiyeva ma’lum qildi.

Nodira Egamberdiyeva institut tomonidan o‘rganilib, tahlil qilingan oilaviy muammolarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdi.

«Bugun erta turmush masalasi dolzarbligicha qolmoqda. 18 yoshga to‘lmasdan ba’zi holatlarda tug‘ruqlarning sodir bo‘layotgani ham hali ishlashimiz kerak bo‘lgan muammolardan biri. Bu muammolarni hududlar kesimida o‘rganib, tahlil qildik va o‘sha hududlar uchun mos rejalar, tartiblar ishlab chiqdik. Shuningdek, gender tenglikni ta’minlash borasida ayollarning huquqiy savodxonligi masalasida ham tahlillar olib bordik. Bu bo‘yicha kerakli ko‘rsatmalarni berdik», — dedi professor.

Egamberdiyevaning qo‘shimcha qilishicha, bevosita ayollar bilan ishlaydigan mahalla faollarining faoliyati ham tahlil qilingan.

«Ularga mavjud muammolarni qanday hal qilishda yordamlashish maqsadida kerakli ko‘rsatmalarni o‘zida aks ettirgan qo‘llanmalar ishlab chiqildi. Ular bilan video darslar ham olib bordik. Qisqasi, hamma mahalla faollarini o‘qitishga erishildi. Shuningdek, 120 mingdan ortiq qo‘llanmalar hududlarga yetkazib berildi. Bularning barchasi oila, mahalla, gender, xotin-qizlar, ularni tadbirkorlik masalalari bilan bog‘liq», — dedi u.