31 yanvar kuni Yangihayot tumanida zo‘rlik va qotillik alomatlari bilan 12 yoshli qizning murdasi topildi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Mazkur holat yuzasidan Yangihayot tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v, z» (aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni nomusga tegish yoki jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq holda qasddan o‘ldirish) bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchi shaxs (29 yoshli erkak) Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan.

Ta’kidlanishicha, gumonlanuvchi shaxs marhumaning xonadonida 2022 yilning yoz oyilarida yollanma ishchi sifatida ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan.

«Mazkur ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarini oldini olish maqsadida fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlar va boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi», — deyiladi xabarda.