Sog‘liqni saqlash vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida sodir bo‘lgan o‘tkir zaharlanish holati bo‘yicha tarqalgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirdi.

25 yanvar kuni bemor B.B.ning og‘zaki ko‘rsatmasiga ko‘ra tushlikda ukasi M.A. bilan birga uyiga yaqin joydagi oziq-ovqat do‘konidan tez tayyorlanadigan lapsha mahsulotini sotib olib, tayyorlab iste’mol qilishgan. Lapsha mahsulotini tayyorlash jarayonida mahsulotda aynish belgilari, o‘zga yot hid va ta’m sezilmagan.

O‘sha kuni 17:00 — 18:00 atrofida B.B. uyida 1−1,5 yildan buyon saqlanib turgan, nomi va ishlab chiqaruvchisi hamda sotib olgan joyi noma’lum 500 grammga yaqin selofan paketda saqlanib turgan, kukin ko‘rinishidagi kemiruvchilarga qarshi dori bilan uy atrofi, oshxona va bitta xonaga sepib chiqqan. Kemiruvchilarga qarshi dorini sepish vaqti va sepganidan so‘ng xonalarda o‘tkir hid sezilgan.

26 yanvar kuni soat M.A. 7:00—8:00 atrofida, B.B soat 9:30—10:00 atrofida qayd qila boshlagan. Belgilar o‘tib ketmagandan so‘ng tushlik vaqtida tez yordam chaqirilgan. Lekin ota-onasi tomonidan uyda davolanish ma’qul ko‘rilgan.

M.A. va B.B. qayd qilishga qarshi dorilar qabul qilishgan. O‘sha kuni tungi soat 23:00—24:00 atrofida M.A. va B.B.lar takroriy qayd qila boshlashgan. 27 yanvar kuni soat 6:00—7:00 atrofida «Tez yordam» chaqirib, Respublika bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yuborilgan.

«Biroq bemorlarning kasallik belgilari yuqumli kasalliklardan bo‘lmagani sababli Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qoraqalpog‘iston filialiga yuborilgan. Shifokorlar tomonidan bemorlarga „fosfororganik birikmalardan o‘tkir zaharlanishning og‘ir va o‘rta og‘ir darajasi“ birlamchi tashxisi qo‘yilgan», — deyiladi xabarda.

M.A. kelgandagi ahvoli og‘ir holatda, reanimatsion chora-tadbirlar olib borilishiga qaramasdan bemorda 27 yanvar soat 09:24 da biologik o‘lim qayd qilingan. Fuqaro B.B ning ahvoli qoniqarli bo‘lib, sog‘ligi shifokorlar nazoratiga olingan.

Vazirlik yuqoridagi holat bo‘yicha takroriy murojaatlar bo‘lmagani va profilaktik ishlar davom ettirilayotganini ma’lum qildi.