30 yanvar, dushanba kuni Pokistonning Peshovar shahridagi masjidda sodir etilgan portlashda 28 kishi halok bo‘ldi, 150 dan ortiq odam jarohat oldi, deya xabar berdi mahalliy Geo News telekanali.

Rasmiylarga ko‘ra, xudkushlik qilgan shaxs namoz vaqtida old qatorda bo‘lgan va o‘zini portlatib, o‘nlab odamlarni jarohatlagan. Shahar komissari o‘rinbosari Shafi Ulloh Xon xudkushlik hujumi oqibatida 28 kishi halok bo‘lib, kamida 150 kishi jarohatlanganini tasdiqladi.

Jarohatlanganlar Peshovardagi Lady Reading kasalxonasiga yotqizilgan. Shifoxona fuqarolarni jabrlanganlar uchun qon topshirishga chaqirgan.

Favqulodda holat e’lon qilindi

Peshovardagi barcha kasalxonalarda shoshilinch tibbiy yordam joriy qilindi. Shuningdek, favqulodda vaziyatlar xodimlariga qutqaruv ishlarini tezlashtirish buyurildi.

«Davlat sog‘liqni saqlash muassasalari, shu jumladan, Peshovarda joylashgan kasalxonalardagi barcha shifokorlar va yordamchi xodimlarga favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun keyingi buyruqlarga shay turish bo‘yicha ko‘rsatma berildi», — deyiladi xabarda.

Guvohlar ko‘rsatmasi

Voqea guvohlaridan biri ommaviy axborot vositalariga portlash sodir bo‘lgan paytda masjidga ketayotganini bildirdi. «Bu kuchli portlash edi. Shundan keyin hamma joyni tutun qopladi», — dedi guvoh. U hushiga kelganida masjid tomi qulab tushganini qo‘shimcha qildi.

«Hodisa sodir bo‘lgan paytda masjidda kamida 120 kishi bo‘lgan. Bu — xudkushlik, chunki portlash masjidning ichki hovlisida bo‘ldi. Voqea chog‘ida odamlar namoz o‘qishni endigina boshlagandi. Jarohat olganlarning ko‘pchiligi politsiyachilar», — deydi u.

Bosh vazir Shehbaz Sharif portlashni keskin qoralab, masjid ichidagi hujumda ishtirok etganlarning «islomga hech qanday aloqasi yo‘qligini» isbotlashini qo‘shimcha qildi va xalqni keskin choralar ko‘rishga ishontirdi.