Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti (PMTI) mutaxassislari tomonidan O‘zbekistonda 2035 yilgacha bo‘lgan davr uchun aholi soni prognozlarining ijtimoiy soha va elektr energiyasi ta’minotiga ta’siri o‘rganildi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, 2035 yilga borib, mamlakat aholisi 45,6 mln kishidan oshishi kutilmoqda. Ushbu yilgacha bo‘lgan davrda har yili o‘rta hisobda 900−950 ming go‘dak dunyoga keladi.

3−6 yosh oralig‘idagi bolalarni maktabgacha ta’lim muassasalari bilan qamrab olish darajasi 90 foizga yetishi kutilayapti va buning uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida 1264 ming nafar bola uchun yangi o‘rinlar tashkil etish zarur.

Prognozlarga ko‘ra, 2035 yilga borib, 7−17 yosh oralig‘idagi bolalar soni 9,7 mln nafardan ziyodroqni tashkil etadi. Bu esa maktablarda qo‘shimcha 8,2 mln o‘quvchi o‘rnini yaratishni talab qiladi.

2035 yilga borib, ambulator-poliklinikalar sonini 8450 birlikka (2022 yil boshida 6676 ta) yetkazish zarur.

Bundan tashqari, ushbu davrgacha aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi esa har yili 5−5,3 foizga oshishi kutilmoqda. Aholi va umuman iqtisodiyotning o‘sib borayotgan talabini qondirish uchun 2030 yilgacha energiya quvvatini mavjud darajaga nisbatan kamida 1,7 barobar oshirishni taqozo etmoqda. Talabning taxminan 8−10 foizini tashkil etadigan mavjud taqchillik to‘ldirilishi bilan o‘sib borayotgan aholining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi 2035 yilgacha bo‘lgan davrda taxminan 6,2−6,5 foiz o‘sadi.

PMTI mutaxassislari tadqiqot natijalariga ko‘ra qator takliflarni ham berdi. Xususan, davlat qarzi ortib borayotgan sharoitda fiskal yukni yengillashtirish maqsadida ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida xususiy ishtirokchilar bilan tizimli ish olib borish, ularga litsenziya va boshqa ruxsatnomalarni berish tartibini soddalashtirish kerak.

Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashi a’zolari budjet mablag‘larini taqsimlash va hududlarning ijtimoiy infratuzilmasini o‘rta muddatli rejalashtirishda demografik rivojlanish prognozlarini hisobga olishi zarur.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida xalqaro va mahalliy ishtirokchilar, shuningdek, tegishli texnologiyalarni yetkazib beruvchilar O‘zbekistonga sarmoya kiritish borasidagi qarorlarni qabul qilishda demografik prognozlarni inobatga olgan holda, ta’lim va sog‘liqni saqlash xizmatlariga o‘rta muddatli talab mavjud ekaniga ishonchi komil bo‘lishi mumkin.

«Demografik yukning ortib borishini hisobga olgan holda energetika tizimlarini boshqarish va rivojlantirish borasida mutlaqo yangi yondashuvlarni ishlab chiqish talab etiladi. Milliy energetika tizimini imkon qadar tezroq yadro, vodorod va boshqa muqobil „yashil“ texnologiyalardan foydalanishga asoslangan yangi texnologik platforma parametrlariga integratsiyalashning dolzarbligi ortib bormoqda», — deyiladi hisobotda.

Uzoq muddatli istiqbolda aholini resurslar bilan barqaror ta’minlashning omili sifatida energetika, suv va yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan islohotlarni muvofiqlashtirilgan holda, bosqichma-bosqich o‘tkazish tavsiya etiladi.