28 yanvar kuni soat 22:33 da Ozarbayjonning Azal aviakompaniyasi samolyoti Urganchga kelib qo‘ndi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Boku-Urganch-Boku yangi parvoz yo‘nalishini ochgan, bortida 99 nafar yo‘lovchisi bo‘lgan Airbus A319 samolyoti an’anaga ko‘ra kutib olindi. Muntazam reyslar haftada bir marta — shanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Urganch Ozarbayjon aviatashuvchisi parvoz qila boshlagan O‘zbekistondagi to‘rtinchi shahar bo‘ldi. Bokudan Toshkentga reyslar haftasiga ikki marta — payshanba va yakshanba kunlari muntazam ravishda amalga oshiriladi. Bokudan Samarqandga — seshanba va payshanba kunlari, Bokudan Farg‘onaga esa payshanba kunlari qatnovlar yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 1992 yilda tashkil etilgan Ozarbayjon havo yo‘llari (Azal) aviakompaniyasi yirik aviatashuvchi bo‘lib, Boing va Airbus samolyotlarining zamonaviy parkiga ega bo‘lgan MDH mamlakatlari aviatsiya hamjamiyatidagi yetakchilardan biri hisoblanadi.