Ayolning o‘rni qayerda, degan savolga ko‘pchilik birdan javob berolmasligi yoki «Uyda, bola-chaqa oldida, oilada!» deyishi mumkin. Albatta, ayol uchun eng asosiysi oila — bu aksiomadek gap. Lekin xotin-qizlarning ro‘zg‘or, er, farzandlardan tashqari jamiyatda ham vazifasi bor. Uning so‘zi, ovozi va qadri bo‘lishi eng asosiy masala.

Avstraliyaning Griffit universitetida xalqaro huquq va munosabatlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borayotgan Nargiza Abdurahmonova ayolning jamiyatdagi roli, o‘zbeklar orasida nega nomdor olimalar kamligi, ta’limdagi muammolar haqidagi mulohazalarini «Gazeta.uz»ga so‘zlab berdi.

Nargiza Abdurahmonova 1997 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetining tijorat huquqi yo‘nalishini bitirgan. Moskva davlat xalqaro munosabatlar universitetining xalqaro xususiy xuquq yo‘nalishi magistratura bosqichini tamomlagan. O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida faoliyat yuritgan. Hozirda Avstraliyaning Griffit universiteti doktoranti. Xalqaro huquq va munosabatlar bo‘yicha mutaxassis.

аvstraliya, ayollar, докtorант, naргиза абдураҳмоноva

— Tanigan-bilganlar sizni yosh, g‘ayratli va tinib-tinchimas huquqshunos deydi. Lekin ko‘pchilik uchun tarjimai holingiz noma’lum. Suhbatni o‘zingizdan boshlasak.

— Toshkentda tug‘ilganman. 171-maktabning rus sinfini bitirgach, Toshkentdagi Vestminster litseyi, so‘ng Xalqaro Vestminster universitetining tijorat huquqi yo‘nalishini tamomladim.

O‘qishim tugayotgan yili ish qidirib, ilgarigi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga bordim. O‘shanda Sardor Umurzoqov endi vazir etib tayinlangandi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdim va ish boshladim. Vazirlikdagi faoliyatimga parallel ravishda Moskva davlat xalqaro munosabatlar universitetining xalqaro xususiy xuquq yo‘nalishi magistraturasini ham o‘qidim.

Lekin amaliyotda yurgan paytlarim doktoranturada tahsilni davom ettirish, ilmiy ish qilish istagi tinch qo‘ymasdi. Negadir o‘zimni ko‘proq fan doktori qiyofasida ko‘rardim. Izlab-izlab, Avstraliyaning Kvinslend shtatidagi Griffit universitetiga hujjat topshirdim. Uch yillik tadqiqotimni «El-yurt umidi» jamg‘armasi moliyalashtirmoqda. 2022 yili jamg‘arma tanlovida shu imtiyozni yutib olgandim va deyarli hamma xarajatim qoplab berilyapti.

— Nega ilmiy ish uchun aynan Avstraliyani tanladingiz?

— Avvalo, bu mamlakat talabaga tadqiqot uchun innovatsion imkoniyatlarni taklif etadi. Universitetlari dunyo yetakchilaridan va o‘qitish tizimi ham boshqacha. Har bir ishga innovatsion tarafdan yondashiladi.

Ikkinchi sabab — mukammallik. Bajarayotgan ishingizni eng yuqori darajaga olib chiqishingiz shart. O‘rtamiyona va yuzaki tadqiqot haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas.

Na ta’limda, na boshqa sohada korrupsiyani sezasiz. O‘zim guvohman. Qonunlar qat’iy, ustuvor — hamma to‘liq rioya etadi. Ayni shu ham meni o‘qish va ilmiy ishimdan chalg‘itmaydi.

To‘rtinchi omil — sifatli ta’lim. Siz shunchaki o‘qimaysiz, fikrlab o‘rganasiz. Shunga majbur ham bo‘lasiz. Bir mavzuni boshlagach, uni batafsil, chuqur o‘qish shart. Qiyin savollarga javob topish, dastlabki va asosiy manbalarga qarash, nuqtai nazarni to‘g‘ri shakllantirish, fikrni asoslab berish talab etiladi.

Beshinchidan, bu zaminning ekotizimi o‘ta noyob. Yer sharining boshqa bo‘lagida uchramaydigan antiqa jonivorlari bor. Avstraliya flora va faunasida 12 mingga yaqin tur mavjud. Kenguru va koaladan tashqari emu, kukabarra kabi ajabtovur qushlar yashaydi. Hozir Avstraliya tabiatini qayta-qayta kashf etyapman.

Eng hayratlanganim, avstraliyaliklar atrof-muhitga haddan tashqari g‘amxo‘r, e’tiborli. Bu yerda daraxtlar shunchaki kesib tashlanmaydi. Kimda kim tabiatga zarar yetkazsa, juda katta miqdorda jarima to‘laydi. Bularni ko‘rib, O‘zbekistondagi bor boyligimiz — daraxtu so‘lim bog‘larimizni asrash o‘rniga yo‘qotib, toptayotganimizga achinaman.

Avstraliya dunyodagi eng rivojlangan davlatlar ro‘yxatida turadi. Ish haqi, daromadlar nisbati va ko‘chmas mulk narxlari, yuqori darajadagi tibbiy yordam, iqlim va ekologiya bo‘yicha qulay mamlakatlardan biri.

— Mavzuingiz nima haqida? Ilmiy ishingizning ahamiyati, yangiligi-chi?

— Ilmiy ishim mavzusiga kelsak, Moskvada o‘qiyotganimda O‘zbekistonga investorlarni jalb etish doirasi kengaygan, o‘zimiz ham faol edik. O‘shanda xalqaro huquq va munosabatlar professionali kerakligini sezgandim. Turli davlat fuqarolari, qaysidir davlatda yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, yuridik shaxslar hamda davlatlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar xalqaro xususiy huquq normalari yordamida tartibga solinadi. O‘zimizda ham shu sohani puxta va chuqurroq biladigan kadrlar ko‘paysa, xursand bo‘lardim.

аvstraliya, ayollar, докtorант, naргиза абдураҳмоноva

— Qit’aga moslashish, sharoitiga ko‘nikish qiyin kechmaganmi?

— Yo‘q, unday bo‘lmadi. Uchib kelgan kunimoq odamlarning ochiq fe’lligi, do‘stona munosabati, doim yordamga tayyorligidan hayratlanganman. Bu yerda asabiy, tajang kishini uchratmaysiz.

Aytaylik, bankka kirdim va xodimga tinmay savol berdim. Hecham asabiylashmaydi, ensa qotirmaydi, boshqa yumushini bahona qilmaydi. Ming marta so‘rasam, shuncha marta tushuntirib beradi. Ko‘chada ham bir-biriga «Salom, yaxshimisan?» deb jilmayib ketaveradi. Bu ularning mentaliteti.

Avstraliyaliklardan minnatdorman. Shu paytgacha diskriminatsiyaga uchramadim. Balki shu sabab ham tez moslashgandirman.

— Diskriminatsiya deyapsiz. Huquqshunoslar bunga alohida e’tibor qaratadi. Siz o‘zingiz doktorantura bosqichiga yetguncha qandaydir to‘siq, sun’iy cheklovlarga uchraganmisiz?

— Yo‘q, Avstraliyada hech qanday cheklov yoki to‘siq ko‘rmadim.

O‘zbekistonda ko‘p martalab jinsim bo‘yicha oshkora va yashirin diskriminatsiyaga duch kelganman. Hatto bir majlisga (tashkilotini aytmayman) borsam, kelganlarning 90 foizi erkaklar ekan. O‘shanda rahbarlardan biri hammaning oldida: «Ayol degani oshxonada o‘tirsa bo‘lmasmikan? Ishxonada balo bormi?» degandi. Birov miq etmagan. Hamma jim o‘tiravergan.

Lekin men ayollar ham lider bo‘la oladi, deb o‘ylayman. Faqat ular kamsitish, nohaqlikka ko‘proq duch keladi. Balki shunga aksari sevimli ishi, karerasini yarim yo‘lda tashlab ketar… Bu yerda oz-moz diskriminatsiya sezsangiz ham qonun himoyachingiz bo‘ladi.

— Ilm odami bilan ilmiy jarayonga oid muammo-masalalar haqida gaplashish maroqli. Chunki sohani tashqaridagidan ko‘ra ko‘proq siz bilasiz. O‘zbekistonda ilmiy doiralarda xotin-qizlar soni kamdek. Ularni ilmga qiziqtirish va ulushini oshirish maqsadida o‘tgan yildan O‘zbekistonda magistratura shartnoma puli davlat budjetidan qoplab beriladigan bo‘ldi. Sizningcha, xotin-qizlarni ilmga rag‘batlantirishni qaysi nuqtadan boshlash kerak o‘zi?

— Avvalo, qiz bolaga yoshligidan: «Sen birovning mulkisan, erga tegasan va o‘shaning qaramog‘ida bo‘lasan!» degan g‘oyani singdirish noto‘g‘ri. Unda ham orzu-havas bor. Ishoning, hammayam faqat erga tegaman deb yashamaydi. Yigitlar qatori qizlar ham ishlagisi, obro‘ orttirgisi, ilm-fanda kashfiyotlar qilgisi, hayotda o‘rnini topib, baland marralargacha yetgisi keladi. Qizlarga erta yoshdan o‘ziga ishonch, eng oldin o‘zini hurmat qilishni o‘rgatish shart.

Masalan, katta lavozimlarda ayollar ulushi yuqori bo‘lgan Avstraliya 2022 yili World Population Review reytingida «Yashash uchun eng yaxshi davlatlar» orasida 5-o‘rinni egalladi. Bu, nazarimda, ayollar ham davlat boshqaruvini maromida eplay oladi, degani. Shuning uchun qizlarda ilm va kareraga xohish bo‘lsa, uni bo‘g‘ish kerak emas. «Jim o‘tir, ayolning joyi uyda!» deyish o‘rniga, aksincha, unga stimul berish, uni rag‘batlantirish muhimroq.

— Ilm-fan orqali jamiyatga, xalqqa nafi yetadigan ishlarni amalda qo‘llash uchun nimalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak? Biz nimada oqsayapmiz?

— Barini ta’limdagi korrupsiyani yo‘qotishdan boshlash kerak. Oliy ta’limda korrupsiya juda-juda yomon. Iste’dodli yigit va qizlar puli yo‘qligi yoki poradan qochib chetda qolib ketyapti.

Ikkinchidan, pedagog-o‘qituvchiga yuqori talab qo‘yaylik. Bundan oldin ularning sharoitini yaxshilash, maoshini oshirish mantiqli bo‘ladi. Hujjatbozlik, bosim baribir ortiqcha. Agar shu zanjirlar uzilsa, o‘qituvchi ham sifatli natija ko‘rsatishga harakat qiladi.

Ta’limdagi reforma, menimcha, shu nuqtadan boshlanadi. Asabiy o‘qituvchi nevroz va qo‘rquvdan boshqa hech nima berolmaydi o‘quvchiga.

— Nega o‘zbek ayollari orasidan Mariya Sklodovskaya-Kyuri, Rita Levi-Montalchini, Rozalin Franklin, Katerina Jonson, Henriyetta Levit, Chen Shing Vu kabi olimalar chiqmaydi? Xotin-qizlarimizda ilm qilishga salohiyat, bilim, ishtiyoq boru, imkoniyat masalasi chatoqdek. Siz nima deb o‘ylaysiz?

— To‘g‘ri, haligacha imkoniyat yetarli emas. Qizlarni yoshligidan erga tegishga tayyorlashadi. Agar qiz erkin fikrlasa, «Jim bo‘l! O‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi!» deb og‘zini yopishadi. Tabiiyki, qiz qo‘rqadi, fikr-xohishlarini tashqariga chiqarolmay, ichiga yutadi-ketadi. Yoki universitetni tamomlab, qaysidir tashkilotda ish boshlasa, aksari diskriminatsiyaga duch keladi. Agar ayollarga ishonilmasa, ulardan olimalar chiqishiga umid qilmang.

— Xalqaro ilmiy davralarni ko‘rgansiz. Tajriba almashishda ham ko‘pincha xorijdagi mutaxassislarga yuzlanasiz. Sizda taqqoslash imkoni kengroq. Oxirgi paytlari O‘zbekistonda ham harakat sezilmoqda, davlat tomonidan ma’lum imtiyoz-rag‘bat, mablag‘ bilan ta’minlash kuchaymoqda, lekin nega ming urinsak-da ilmiy boshqaruv, tartib-qoidalarda hamon oqsaymiz?

— Asosiy muammo — korrupsiyada. Agar davlat ajratayotgan grant mablag‘lar faqat o‘ziga tegishli sohaga yo‘naltirilsa, nazarimda, Avstraliya, Shveysariya Finlyandiyadan allaqachon ta’lim sifati masalasida ilgarilab ketgan bo‘lardik. Ming afsuski, ta’lim iziga tushib ulgurmay, kimlarningdir manfaati uchun istalgan ko‘yiga solinmoqda.

аvstraliya, ayollar, докtorант, naргиза абдураҳмоноva

— Janubiy Koreyada ilmiy daraja olgan tilshunos olima bilan suhbatlashganimda, koreyslar unga: «Uch yilda ilm qilsangiz, siz yo ko‘chirmachi, yo dahosiz» deyishganini aytgandi. Bizda esa 3 yildan keyin tanlagan mavzusini yoqlash talab etiladi. Qay bir tomonniki to‘g‘ri — 3 yilni kam deydigan koreyslarnikimi yo shu muddatda darajasini olayotgan biznikilar?

— Uch yilda juda tor sohada ilmiy darajani yoqlash mumkin. Ilmiy supervayzerlar (rahbarlar) bekorga biriktirilmaydi. Ular tadqiqotchiga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi. Sababi o‘zlari ham bir paytlar shu bosqichdan o‘tishgan.

Masalan, Avstraliyadagi rahbarlarim ko‘p narsa yozib topshirsam, 70 foizini o‘chirib, qisqartirib, mavzuingdan chiqib ketma, deb tayinlashadi. Keyin qilayotgan ishingizning ilmiy yangiligi bo‘lishi shart. Bunda tor doiradagi masalani tadqiq qilmasangiz, ilmiy kashfiyotdan ko‘ngilni uzavering.

Darajaga nomzod hali hech kim o‘rganmagan muammoli biror masalani yoritib, unga yechim topib bersa, menimcha, uch yilda ham ishini yoqlay oladi.

— O‘zbekiston ilmiy ish qilayotgan ayrim xotin-qizlar ilmiy rahbarining topshirig‘idan tashqari universitet tomonidan yuklanadigan qo‘shimcha ishlar — tadbirbozlik, hisobotlar yozish, talabalarni nazorat qilish, ijtimoiy tarmoqlarda rasm ulashishga o‘xshash majburiyatlardan noliydi. Yozayotgan ishi keyingi o‘ringa surilarkan. Bu to‘g‘ri talabmi?

— Bu noto‘g‘ri, albatta. Ilm odamiga birinchi galda tinchlik kerak. O‘y-fikrlarini jamlay olmasa, izlanuvchi (nomzod) qanday qilib kashfiyot qila oladi?

Avstraliyadagi har bir universitetda «Code of Practice for the Supervision of HDR Candidates» (Tadqiqot nomzodining daraja olish uchun amaliyot kodeksi) mavjud. Unda ilmiy tadqiqot olib borayotgan izlanuvchilarga umuman ortiqcha majburiyat, vazifa yuklamaslik yozilgan. Agar qoida buzilsa, izlanuvchi universitet ma’muriyatini ogohlantirishga haqli. Ko‘pincha bunday manzara qoidabuzar o‘qituvchining ishdan bo‘shashi bilan tugaydi.

аvstraliya, ayollar, докtorант, naргиза абдураҳмоноva

— Yana bir ko‘ngilni sovitadigan holat bor: aksarimiz daraja olishni bosh maqsad qilamizu, ilmiy ish yangiligi, uning jamiyat, hayotga foydasini keyingi o‘ringa qoldiramiz yoki amaliy ahamiyati kam, avval yozilgan ishlarga o‘xshash mavzularga qo‘l uramiz. Ilmiy tadqiqot qilishdan maqsad nima bo‘lishi kerak?

— Maqsad juda oddiy va o‘ta muhim — yangilik kiritish. Agar reytingi, nufuzi baland, ta’limi zo‘r xalqaro universitetda ilmiy ish qilayotgan bo‘lsangiz, «copy-paste»ni xayolingizga ham keltirmang. Shu bois, ilmiy izlanuvchi ish boshlashga, ayniqsa, xorijda tadqiqot olib borishga ruhan tayyor bo‘lmasa, yaxshisi, bunga qo‘l urmasin. Bu shaxsiy fikrim, albatta.

— Ilmiy ishingizni yoqlab, darajangizni olgach, yurtga qaytasizmi? Agar qaytsangiz, o‘zingizni qayerda ko‘rasiz: ta’lim tizimi yoki amaliy jarayonda?

— «El-yurt umidi» jamg‘armasi va hozirgi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi bilan tuzgan shartnomam bo‘yicha O‘zbekistonda davlat korxonasida kamida uch yil ishlayman. Ish davomida Avstraliyada orttirgan tajribamni qo‘llamoqchiman.

Ochig‘i, Avstraliyaga kelishdan avval ta’lim va amaliyotni baravar olib borganman. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida bank huquqi, xalqaro savdo va tijorat huquqi buyicha dars berardim va vazirlikdagi ishimga ham ulgurardim. Agar vaqt va xohish bo‘lsa, ikkalasini ham qilish mumkin.

— Ilm qilmoqchiyu, lekin sharoit, muhit ta’sirida cho‘chib yurgan, yo‘lini topolmayotgan qizlarga, yosh onalarga maslahatlaringiz.

— Hozir chetda o‘qishga mo‘ljallangan grantlar juda ko‘p. O‘zbekistonda ham talay. Masalan, o‘zim grantini yutgan «El-yurt umidi» jamg‘armasi bakalavr, magistratura va doktoranturada o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlarga beriladi. Ariza topshirganimda ochiq va shaffof musobaqa bo‘lgandi. Bilimingiz chuqur bo‘lsa, o‘zingizga ishonsangiz, har qanday grantga qo‘rqmay topshiravering.