Senatda 24 yanvar kuni xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi yuzasidan davlat organlari vakillari va jamoatchilik faollari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ushbu qonun loyihasi parlament yuqori palatasi huzurida Bosh prokuratura, Oliy sud, Bolalar ombudsmani, IIV va Adliya vazirligi, YUNISEF, nodavlat-notijorat tashkilotlari, “Nemolchi.uz” loyihasi vakillari va jamoatchilik faollaridan tuzilgan ishchi guruh tomonidan 2022 yilning may-dekabr oylarida ishlab chiqilgan edi. Hujjat 11 yanvar kuni Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun Regulation.gov.uz portaliga joylashtirilgan.

Senatda seshanba kuni bo‘lib o‘tgan tadbir davomida ishchi guruh a’zolari qonun loyihasi unga kiritilgan takliflarning 40 foizi olib tashlangan yoki tahrirlangan holda Regulation.gov.uz'ga joylashtirilganiga alohida urg‘u berdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Biz bergan takliflarning ayrimlari qolgan, ko‘pi tahrirlangan, ba’zilari esa yo‘q, ya’ni qonun loyihasidan chiqarib tashlangan. Eng qizig‘i, bu holatlar asoslantirilmagan”, — dedi Bosh prokuratura boshqarma katta prokurori Laylo Fayzimurodova. Mas’ullar yig‘ilish davomida ham bu e’tirozlarga asosli javob bera olmadi.

Salkam ikki yarim soat davom etgan yig‘ilishda asosan qonun loyihasidagi bitta — oiladagi zo‘ravonlik holatlari uchun jinoiy javobgarlik belgilanishini (Jinoyat kodeksiga yangi — 126−1-moddasini qo‘shishni) nazarda tutuvchi 45-modda taqdiri muhokama qilingan: Senat ishchi guruhi tomonidan tayyorlangan qonun loyihasida bo‘lgan ushbu modda Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan talqinda olib tashlangan.

Ma’lumot o‘rnida: Tadbirda faqat uch OAVdan vakil — “Gazeta.uz”, “Kun.uz” internet­-nashrlari hamda “O‘zbekiston 24” telekanali muxbirlari qatnashdi. Ayni vaqtda internet-nashrlarning jurnalistlariga na kamera, na telefon, na diktofondan foydalanishga ruxsat berildi.

“Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi bo‘yicha jamoatchilik muhokamalari 26 yanvar, payshanba kuni yakunlanadi. 27 yanvar, juma kuni esa Senatda ushbu hujjat bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish (aniqrog‘i, seshanba kungi tadbirning davomi) bo‘lib o‘tadi.

Qonun loyihasidan chiqarib tashlangan asosiy modda

Ishchi guruh “oilada zo‘ravonlik” masalasini Jinoyat kodeksiga alohida modda sifatida kiritib, oiladagi zo‘ravonlik holatlari uchun jinoiy javobgarlik o‘rnatishni taklif qilgan edi:

126−1-modda. Oilada zo‘ravonlik

Bir oila a’zosi tomonidan boshqa oila a’zosiga nisbatan qasddan sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik, quyidagilarda namoyon bo‘lganda:

a) kaltaklash yoki badanga yengil shikast yetkazishga sabab bo‘lgan boshqa zo‘ravonlik harakatlarini sodir etish;

b) tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga o‘z xohish-irodasini singdirish yoki uning ustidan nazoratni olish maqsadida uni izolyatsiya qilish, qo‘rqitish;

v) iqtisodiy vositalardan mahrum qilish natijasida iqtisodiy vositalardan, shu jumladan yashash uchun mablag‘dan mahrum qilish, kamsitish, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining sog‘lig‘iga uncha og‘ir bo‘lmagan zarar yetkazish — 150 soatdan 180 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) ikki yoki undan ortiq oila a’zolariga nisbatan;

b) o‘z oila a’zosiga nisbatan voyaga yetmagan shaxs hozirligida sodir etilgan bo‘lsa;

v) aybdor shaxsga nisbatan himoya orderi talablarini bajarmaganligi uchun ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa;

g) badanga o‘rtacha og‘irlikdagi shikast yetkazishga sabab bo‘lganda, — 1 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha harakatlar:

a) takroran sodir etilgan;

b) og‘ir tan jarohati yetkazishga sabab bo‘lgan;

v) o‘z joniga qasd qilishga urinishga sabab bo‘lgan bo‘lsa, — 8 yildan 11 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, — 11 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Adliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasida faqat oilaviy zo‘ravonlik tushunchasiga ta’rif berilgan, xolos (“oilaviy zo‘ravonlik — oilaning bir a’zosiga nisbatan boshqa bir a’zosi yoki a’zolarining muntazam davom etib keluvchi, takrorlanib turuvchi jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zo‘ravonligi. Bunda uni sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan bir joyda yashashi yoki yashamasligidan qat’i nazar, oila yoki oila doirasida yoki sobiq yoki hozirgi turmush o‘rtoqlari yoki sheriklar o‘rtasida yuz berayotgan barcha jismoniy, jinsiy, psixologik yoki iqtisodiy zo‘ravonlik harakatlarini anglatadi”), ammo bu xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun javobgarlik belgilashga oid takliflar olib tashlangan.

“Tag-tugi bilan yo‘q qilingan, jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmagan”

Bosh prokuratura vakili Laylo Fayzimurodovaнинg ta’kidlashicha, oiladagi zo‘ravonlik holatlari soni kamaymayotgani, xotin-qizlarning vaqtinchalik yashash uchun shelterlarga joylashish holatlari, himoya orderi olish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaatlari soni oshib borayotgani uchun zo‘ravonlarga nisbatan jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi normani kiritish taklif qilingan edi.

“Lekin bu taklif loyihadan tag-tugi bilan chiqarib tashlangan, jamoatchilik muhokamasiga ham qo‘yilmagan”, — dedi prokuratura vakili. Uning qo‘shimcha qilishicha, Gruziya, Moldova, Ukraina kabi davlatlarda oiladagi zo‘ravonlik jinoyatdir — ularda bu norma, Senat ishchi guruhi taklif qilganidek alohida modda qo‘shish tarxida emas, balki mavjud moddalarni takomillashtirish hisobiga amalga oshirilgan. “Ammo bizda alohida modda ham yo‘q, Jinoyat kodeksidagi 110-modda ham takomillashtirilmagan”, — dedi Fayzimurodova.

Ishchi guruhi a’zosi, jamoatchilik faoli Barnogul Sanaqulovaнинg ta’kidlashicha, prezidentning 2022 yil 7 martdagi farmoni 22-bandi bilan berilgan yaqin qarindoshi bo‘lgan xotin-qizga qasddan tan jarohati yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi topshiriq ijrosi doirasida Senat ishchi guruhi Jinoyat kodeksiga 126−1-moddani kiritishni taklif qilgan edi.

“Agar O‘zbekiston 1995 yilda xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning barcha shakllarini bartaraf etish to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilganini ham inobatga oladigan bo‘lsak, Jinoyat kodeksiga „oiladagi zo‘ravonlik“ moddasining alohida kiritilishi lozim, deb hisoblaymiz”, — deya qo‘shimcha qildi Sanaqulova.

“Nemolchi.uz” loyihasi ham Adliya vazirilgi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan qonun loyihasida oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi modda tushib qolganiga munosabat bildirarkan, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya talablarini bajarishga, BMTning Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikni bartaraf etish qo‘mitasi tavsiyalarini bajarishga chaqirgan.

“BMTning xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalarida ham himoya orderlarining buzilishi jinoiy javobgarlikka tortilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Biroq, O‘zbekistonda oiladagi kaltaklash, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik holatlarida jabrlanuvchini faqat rasmiy himoya qiladigan himoya orderlari beriladi. Ularning buzilishi va tan jarohati yetkazish holatida jinoiy va ma’muriy ishlar deyarli boshlanmaydi”, — deyiladi “Nemolchi.uz” munosabatida.

“Qonun loyihasining yangi tahririda bu tavsiya yana e’tiborga olinmadi. Bunday qonun loyihasini bolalar va ayollarni himoya qilish, deb hisoblash mumkinmi? Zolimlar bilan yashaydigan ayollar va bolalar muntazam kaltaklashdan, butun oilaning ruhiyatini buzadigan zo‘ravonlikdan himoyaga muhtoj. Faqat kriminallashtirish va tajovuzkorlarga qarshi kurashning qattiq choralarigina natija beradi”, — deya qo‘shimcha qilingan loyiha bayonotida.

Qayd etish joiz, Senatdagi tadbir arafasida Prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha shu’ba mudiri Saida Mirziyoyeva oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy javobgarlik tayinlash kerakligini qayd etgan edi (ma'lumot uchun, u 2022 yil dekabrida ham ushbu taklifni ilgari surgan edi).

“Oiladagi zo‘ravonlik uchun jinoiy jazo tayinlamagunicha, ushbu jinoyatga davlatning munosabati Jinoyat kodeksida aniq aks etmagunicha, bir joyda qotib turaveramiz. Busiz boshqa hech nima yordam berolmaydi, yuzaki choralar ham, eng ilg‘or gender loyihalari ham, quruq gap bilan tarbiyalashga urinishlar ham. Oldin ayollar oldidagi mas’uliyatni belgilagan holda, ularni himoyalovchi Qonun joriy etilishi zarur. Qolgani keyin bo‘ladi”, — dedi u.

Adliya vazirligi munosabati

Adliya vazirligi axborot xizmatidan “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishlaricha, “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi takomillashtiriladi.

“Loyiha yuzasidan takliflar kelib tushishi davom etmokda. Taqdim etilgan asoslantirilgan takliflar loyihani takomillashtirish jarayonida, albatta, inobatga olinadi”, — dedi vazirlik vakillari.