Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi arafasida 26 yanvar kuni Bishkek shahrida ikki davlat biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.

Unda ikki mamlakat hukumatlari a’zolari, tegishli vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, hududiy ma’muriyatlar rahbarlari, ishbilarmon doiralarining 350 dan ortiq vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanishicha, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 5 yilda 7 barobarga oshib, 2022 yilda 1,2 milliard dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston va Qirg‘iziston iqtisodiyotlari yaqin kelajakda 2 milliard dollarlik marradan oshish uchun yetarli salohiyatga ega ekani qayd etildi. Bunga, boshqa choralar bilan bir qatorda, sement, ko‘mir, rangli metalllar, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik mahsulotlari, kimyoviy o‘g‘itlar, maishiy va savdo uskunalari, farmatsevtika mahsulotlari o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish evaziga erishish mumkinligi ko‘rsatildi.

Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab berildi. 2016 yilga nisbatan qo‘shma korxonalar soni 8 barobarga oshib, 320 taga yetdi. Avtomobil va tijorat texnika vositalarini ishlab chiqarish, qo‘shma to‘qimachilik korxonalarini ishga tushirish, kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, elektr energiyasini hisobga olish tizimini joriy etish bo‘yicha yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishildi.

Ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to‘ldirishi tamoyili asosida temir, kaolin, travertin, bazalt konlarini o‘zlashtirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.

Qishloq xo‘jaligi sohasida ham har ikki iqtisodiyotning raqobatdosh ustunliklaridan foydalanish ko‘zda tutilgan. Bunda intensiv bog‘lar va zamonaviy issiqxonalarni rivojlantirish, birgalikda kartoshka, makkajo‘xori va go‘sht yetishtirish, qo‘shma chorvachilik komplekslarini yaratish nazarda tutilmoqda.

Forum davomida hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor berildi. O‘zbekistonning chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashining tashkil etilishi, shuningdek, Andijon va O‘sh, Namangan va Jalolobod, Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasida qardoshlik munosabatlari o‘rnatilgani tufayli keyingi 3 yil ichida bu hududlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar oshdi. O‘zaro ishbilarmonlik missiyalari, ko‘rgazma va forumlar o‘tkazish, ikki mamlakat hududlarining turizm salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlar davom ettiriladi.

2022 yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan SHHT sammitida «Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston» temiryo‘lini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha uch tomonlama bitim imzolangani ta’kidlandi. Mazkur strategik loyiha ro‘yobga chiqarilishini faollashtirish transport va logistika sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida tilga olindi. Bu loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida an’anaviy tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish va yuk tashish hajmlarini oshirish imkonini beradi.

Tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish, ikki davlat tadbirkorlarining doimiy hamkorligi uchun shart-sharoit yaratish maqsadida maxsus onlayn platforma ishlab chiqiladi. Uning yordamida ishbilarmon doiralar vakillari savdo shartnomalarini tuzishlari, tayyor sanoat kooperatsiyasi loyihalari va biznes hamkorlar tanlashlari mumkin bo‘ladi.

Forum yakunlari bo‘yicha kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi, qurilish materiallari, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq bo‘lgan muhim kelishuvlar imzolandi.

Hujjatlar orasida:

  • ikki davlat Qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasida agrosanoat kompleksi sohasidagi hamkorlik bo‘yicha «yo‘l xaritasi»;
  • Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • teri ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shuningdek, Qirg‘izistonning Norin viloyatida kartoshka yetishtirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi klasterini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim;
  • kartoshka yetishtirish bo‘yicha agroklaster va chorvachilik kompleksini yaratish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • 20 million dollarlik «Qirg‘izistonda karbid va kalsiy ishlab chiqarish majmuasini qurish» investitsiya loyihasi doirasida qo‘shma sheriklik to‘g‘risidagi bitim;
  • Qirg‘izistondan O‘zbekistonga 100 million dollarlik makkajo‘xori donini yetkazib berish bo‘yicha kelishuv;
  • Qirg‘izistonda elektr energiyasini hisobga olish va qurilmalarni yig‘ishni tashkil etish bo‘yicha o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi;
  • bazalt toshni qayta ishlash zavodini ishlab chiqarish bo‘yicha memorandum;
  • O‘zbekiston kompaniyalari mahsulotlarini Qirg‘izistonda sotish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • Qirg‘izistondan O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma muhim ahamiyatga ega.

Forumda 300,3 million dollarlik investitsiya, 1,15 milliard dollarlik eksport, 223 million dollarlik import shartnomalari imzolandi.