«O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ Navoiy viloyatida Afrosiyob poyezdi temiryo‘ldan o‘tayotgan qo‘ylarni urib yuborgani aks etgan video bo‘yicha ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 24 yanvar kuni Toshkent-Buxoro yo‘nalishida harakatlanayotgan Afrosiyob poyezdi Malikobod va Qiziltepa (Navoiy viloyati) bekatlari oralig‘ida harakatlanayotganda qo‘ylar podasidan bir necha bosh hayvonni urib yuborgan.

1000 ga yaqin qo‘y podasi temiryo‘lni noto‘g‘ri joyda kesib, himoya panjarasini buzib o‘tgan. Voqea joyidan 300 metr uzoqlikda chorva mollarini haydash uchun maxsus ajratilgan joy mavjud bo‘lgan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ rahbariyati tomonidan mazkur hudud bo‘ylab qo‘shimcha panjara (ikki qavatli to‘siq) o‘rnatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinib, bugungi kunda eski panjaralarni tiklash va qo‘shimcha panjaralarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirildi. Hayvonlarning egasi qoidalarni buzgani sababli ma’muriy jazoga tortilishi ma’lum qilindi.