25 yanvar kuni Vengriyaning WizzAir aviakompaniyasi samolyoti Toshkentga qo‘ndi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports axborot xizmati.

Airbus A321 neo samolyoti O‘zbekistonga yangi — Abu-Dabi-Toshkent-Abu Dabi parvoz yo‘nalishini ochdi. Ekipaj va yo‘lovchilar terminalda kutib olindi.

Qayd etilishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslar A320/321 samolyotlarida haftasiga uch marta — dushanba, chorshanba va juma kunlari amalga oshiriladi. Bu yo‘nalishdagi chiptalar narxi bir tomonga 45 dollardan boshlanadi.

Biletlar narxi bagajni hisobga olmagan holatda 45 dollardan bo‘lib, bunda chipta xaridi uchish sanasidan ancha avvalroq amalga oshirilgani inobatga olingan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabr oyidan boshlab WizzAir Samarqand aeroportiga haftasiga ikki marta — seshanba va shanba kunlari parvozlarni amalga oshirib kelmoqda.

Ma’lumot uchun, WizzAir 2003 yilda tashkil etilgan Vengriyaning arzon narxlardagi aviakompaniyasi hisoblanadi. 2022 yil iyul holatiga ko‘ra aviapark o‘rtacha yoshi 5,3 yil bo‘lgan 141 ta Airbus samolyotidan iborat edi.