Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanida bir oilaning 4 nafar a’zosi is gazidan zaharlanib vafot etdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lum qildi.

23 yanvar kuni tumanning «Qamashi» mahalla fuqarolar yig‘inidagi «Qamashi» qishlog‘ida fuqaro D.L.ning yashash xonadonida qo‘lbola usulda tayyorlangan isitish pechidan tabiiy gaz yonishi natijasida is gazi hosil bo‘lgan. U dudburon orqali xona ichiga sizib chiqishi oqibatida xonada uxlab yotgan — 1992 yilda tug‘ilgan D.L., 1995 yilda tug‘ilgan turmush o‘rtog‘i D.Q hamda 5 va 3 yoshli farzandlari is gazidan zaharlanib vafot etgan.

D.L. va oila a’zolarining o‘lim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Hodisa yuzasidan Kasbi tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.