O‘tmishda hukmdor ayollar ko‘p o‘tgan. Garchi aksari aqldan avval ko‘ngil, hislariga quloq tutgan bo‘lsa-da, davlat ishida sovuqqonlik, qat’iyat va zakovatini ko‘rsata bilgan. Hatto ayrimlari qaltis vaziyatlarda farosat bilan elni tinchitgani, yurtni dushmandan qutqargani haqida eshitganmiz.

Bugun dunyodagi eng boy davlatlardan biri — Singapurni boshqarayotgan Halima Yaqub ham zamonaviy tarix kitobiga nomi yozilgan arboblardan. Ishchilar va xotin-qizlar himoyachisi bo‘lib o‘rtaga chiqqan, 2023 yil 17 yanvar kuni O‘zbekiston davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevni qabul qilgan xonimning prezidentlikkacha bosib o‘tgan yo‘li, tarjimai holi birovnikiga o‘xshamaydi — o‘ziga xos.

halima yaqub, singapur, ayol loyihasi

Foto: Facebook / Halimah Yacob

Ikki millat farzandi

Singapurning sakkizinchi prezidenti va ilk ayol rahbari Halima Yaqub rasman to‘rt til — ingliz, xitoy, malay va tamil tillarida so‘zlashuvchi, madaniyati turfa, qarashlari, e’tiqodi, urf-an'analari biri ikkinchisinikiga o‘xshamas, 60 dan ortiq oroldan iborat mamlakatga 2017 yildan beri yetakchilik qiladi.

Prezidentning o‘zi ham ikki millat farzandi — otasi hind musulmoni, onasi malayya. Ro‘zg‘orni amal-taqal tebratib turgan oila boshi kunlarning birida qorovulchilikdan qaytib keladiyu, anchadan beri og‘riyotgan yuragini changallab jon beradi. Xotini esa besh bolani yedirib-ichirish, o‘stirish, el qatoriga qo‘shish tashvishi oldida yolg‘iz qoladi. Oilaning kenjasi Halima onasi bilan Singapur politexnika maktabi atrofida aravacha sudrab, ko‘cha taomlari, tez tayyorlanadigan yegulik sotisharkan, onasining mashaqqatlarga hecham taslim bo‘lmaganini ko‘p ta’kidlaydi:

“8 yoshimda otamdan ayrildim. 10 yoshimdan non puli topish uchun onamga yordamchi bo‘ldim. Qashshoq, bir burda nonga zor kunlarni ko‘rgan bo‘lsam-da, Xudoga shukr, uydagilarning daldasi, o‘qituvchilarim, yaxshi insonlarning ko‘magi bilan o‘ziga yarasha bilim oldim. Yaxshi o‘qib-o‘rganganim siyosiy maydonga kirish va o‘zimdek kambag‘al, nochorlarga yordam beruvchi tashkilotni ochishga yo‘l berdi”.

Xalq advokati

U 1978 yili Singapur Milliy universitetining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan, 2001 yili esa magistrlik darajasini ham oladi. 2016 yili esa universitet kengashi uni “Faxriy huquq doktori” unvoniga loyiq ko‘radi.

Universitetni bitirgach, Milliy kasaba uyushmasi kongressida huquqshunos bo‘lib ish faoliyatini boshlagan Halimaxonim 1992 yili ayni shu tashkilotning huquqiy xizmat bo‘limini boshqarishga o‘tadi. Oradan 7 yil o‘tgach, Singapur Mehnat tadqiqoti instituti direktori lavozimiga tayinlanadi.

XX asr adog‘iga yetib, yangi 100 yillik boshlanarkan, bo‘lg‘usi prezidentning ham siyosiy faoliyatida yangi sahifalar ochila boshlaydi. Qadamlar dadillashib, 2001 yili Xalq harakati partiyasi yetakchisiga va ayni shu partiyadan parlament a’zoligiga o‘tadi. Ishchilar manfaati va huquqi himoyachisi 2000−2002 hamda 2005-yillari Jenevada Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat standartlarini qo‘llab-quvvatlash qo‘mitasi direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlaydi.

2011 yili esa Singapur Jamiyatni rivojlantirish, yoshlar va sport masalalari vazirligida, kelasi yili — davlat tashkilotlari ixchamlashtirilgach — jamiyatni rivojlantirish va oila masalalari vaziri bo‘lib faoliyatini davom ettiradi. Oradan ikki yilcha vaqt o‘tgach, Halima Yaqub Singapur parlamenti spikeri etib saylangan mamlakat tarixida ilk ayolga aylanadi.

halima yaqub, singapur, ayol loyihasi
Foto: Huffpost

Singapurda uning qat’iy iroda egasi, yumshoq fe’l, biroq o‘ta jiddiy rahbar ekani ko‘pchilikka ma’lum. Nimanidir o‘ylasa, amalga oshirmaguncha tinchimasligini ham yaxshi bilishadi. Siyosat maydonida so‘zi, o‘rnini topgach, Halimaxonim keksalar, malakasi o‘rtamiyona ishchilarni zarur sohalarga tayyorlashdan tortib, qariya va ruhiy xastalarga g‘amxo‘rlik qilishgacha bo‘lgan ijtimoiy masalalarni o‘rinli hal etolgani uchun obro‘si oshib boraverdi.

“Ayol har tarafdan mustaqil bo‘lishi shart!”

Yaqubni fenomen deb atashadi. Mehnat muammolari ichida yurgani uchun ona va ayol sifatida mamlakatdagi ishchi xotin-qizlarning huquqini faol himoya etadi, ularga erkaklar bilan baravar, teng sharoitda ishlashga yo‘l topib beradi.

“Umrim bo‘yi faqat ishlab bildimki, ayol zoti mustaqil bo‘lishi shart. Bunga onam yaqqol misol. Otam o‘lganida, hech vaqoimiz yo‘q edi. Hammasini eng quyidan boshladik. Onam menga ulkan saboqni — ayolning o‘z daromad manbai bo‘lishi va o‘shandan ma’lum miqdorini jamg‘arib, qariganida faqat o‘zi uchun ishlatishi kerakligini o‘rgatdi”, deydi u.

Halima Yaqub 2017 yili prezident saylovida nomzod sifatida ishtirok etish uchun parlament raisi lavozimidan ketadi. Ushbu saylovlarning o‘ziga xos jihati shundaki, Singapurda milliy ozchilik hisoblanadigan “malayya irqi"ga mansub aholi 1970 yildan beri prezident lavozimini egallamagani bois, mamlakat Konstitutsiyasiga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, faqat 2017 yilgi saylovlarda nomzod malayyalardan bo‘lishi kerak edi.

Nomzodning malayya bo‘lishi — 2017 yili saylanadigan prezidentlikka nomzod uchun qo‘yilgan talablardan faqat bittasi edi. Bundan tashqari, nomzod yo davlat xizmatida ishlash tajribasiga ega bo‘lishi, yoki bozor qiymati 500 mln Singapur dollari (taxminan 371 mln AQSh dollari)dan ko‘p bo‘lgan kompaniyaga rahbarlik qilgan bo‘lishi kerak edi. Saylovda nomzod sifatida qatnashayotgan qolgan to‘rt nomzod bu ikki talabning birortasiga mos tushmasdi.

Shu bois, umumxalq saylovi 23 sentabr kuni o‘tkazilishi kerak bo‘lsa-da, Saylov komissiyasi 11 sentabr kuni yagona nomzod — Halima Yaqubni ro‘yxatga olganini, 13 sentabr kuni esa nomzodlarni ro‘yxatga olish yakunlanganini va, boshqa nomzodlar yo‘qligi bois, Halima Yaqub umumxalq saylovisiz prezidentga aylanganini e’lon qilgan. Ertasiga u Singapurning 8-prezidenti sifatida ishga kirishadi.

“Boshqalar qilolmaydigan ishni biz bajaramiz”

Mamlakat rahbariga aylangach, Halima Yaqub o‘zidan avvalgi hamkasblarining ishini munosib davom ettirishga kirishadi. 2020 yili parlamentga murojaat qilarkan:

“Omon qolish va yanayam ravnaq topish uchun boshqalardan ajralib turishimiz shart. O‘zgarishlarga javoban boshqalardan ko‘ra chidamli, hozirjavob bo‘lishimiz muhim. Boshqalar qila olmaydigan ishlarni bajarishimiz yoki qila olsa ham ulardan ajralib turadiganini do‘ndirishimiz shart”, — deydi.

Murojaatnomasida quyidagilarni asosiy maslagi sifatida ko‘rsatadi:

  • Ish bilan ta’minlash kelgusi yillari ham ahamiyatini yo‘qotmaydi;
  • Havo yo‘llarimizni yanayam xavfsiz qilamiz. Singapur global va mahalliy yo‘llarda namuna bo‘lishi shart;
  • Shaharni rejalashtirish va infrastrukturani yaxshilashda davlat barqaror o‘sishni ta’minlaydi;
  • Kuchli va yagona jamiyat qurishda hukumat har bir singapurlikni hayotning har bosqichida qo‘llab-quvvatlaydi.

Oxirgi besh yili ichida Singapur biznes qilish uchun Osiyodagi eng qulay, xavfsiz va ishonchli, jahonda esa beshinchi raqobatbardosh iqtisodiyotga ega mamlakatga aylandi. 2021 yili Smart City Index reytingida “Eng aqlli global shahar” maqomini oldi. Shuni e’tiborga olish kerakki, bu yutuqlarning bari tabiiy resurslari cheklangan bir sharoitda qo‘lga kiritilgan: fuqarolar ehtiyoji uchun barcha zarur resurslar qo‘shnilardan sotib olinadi. Hatto Kalang daryosi sohillarida tashrifchilar bamaylixotir dam olishi uchun qumloq tuprog‘i har yili Indoneziyadan keltiriladi.

43 yildan beri birga

Talabalik yillari bo‘lg‘usi fizik olimga ko‘ngil bergan Halima 1980 yili Muhammad Abdulloh Alhabshi bilan turmush quradi. Besh farzandni ulg‘aytirgan er-xotin ijara uylarda sarson kezib, birinchi shaxsiy boshpanani to‘ydan besh yil o‘tibgina sotib olishga imkon yetganini nevaralari bugun ertakdek tinglaydi.

Prezident xonim har kuni saharlab turgach, 45 daqiqacha badantarbiya mashqlarini muntazam bajaradi. Jismoniy va ruhiy faollik o‘ta muhimligini yaxshi biladigan xonim boshqalarga ham ko‘mak berish niyatida Club Heal jamiyatiga asos solgan. Bu markazda jamiyatga qo‘shila olmaydigan, ruhan ezilgan, qiynalganlarga turli tadbir, maxsus dars, ijtimoiy loyiha, mashg‘ulot va maslahatlar orqali muammosiga chora izlanadi.

Foto: IDNTimesFoto: IDNTimes

“Eslasa arzigulik xotiralarim shunchalik ko‘pki, vaqti yetib bolalarim o‘shalar orqali meni eslashadi. Bu eng a’lo tuhfa. Bu olamni xuddi onamdek tark etishga — alohida muhabbat va g‘amxo‘rlik quchog‘ida yashab o‘tishga umid qilaman”, — deydi prezident xonim.