Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. «Gazeta.uz» kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida «Nima o‘qiymiz?» savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

«Nima o‘qiymiz?» loyihasining navbatdagi mehmoni — «Ma’rifat» gazetasi bosh muharriri, jurnalist va shoir Husan Nishonov.

Yaqin orada o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Birinchi o‘qigan kitobimni yaxshi eslayman. 2-sinf edim. «Qichan» degan qissa. Muallifi esimda qolmagan. Qirg‘iz yozuvchisi edi. Xullas, maktabni bitirguncha ilingan narsani o‘qiganman.

Vaqt keldi — tanlab o‘qiydigan bo‘ldim. O‘rischa ham o‘qiydigan bo‘ldim. Hozir esa vaqt yetmaydi. Boshlab, oxiriga yetmagan kitoblar ham barmoqlarimdan ko‘payib qoldi. Tortmasa, to‘xtataman, tamom. Olamshumul g‘oyalar ko‘tarilgan bo‘lsa ham, tilida qusurlar uchrasa, bo‘ldi — o‘qiyolmay qolaman.

Bu balki kasbim (muharrir) bilan bog‘liq injiqlikdir. Balki noto‘g‘ri qilayotgandirman, bilmadim. Shuning uchun, oldinroq bo‘lsa ham, o‘qilgan kitoblar haqida gapirmoqchiman.

Ahmad A’zam. «Hali hayot bor». «O‘zbekiston» nashriyoti. 2011 yil. 320 sahifa

kitoblar, мутолаа, niма o‘qiymiz, ҳусан niшонов

Qo‘lingizni ikki yonga ko‘tarib, ya’ni «qanotingizni yozib», qancha vaqt tura olasiz? 2 yo 5 minut? Boringki, 10 minut? Qiyin deysizmi? Ha, o‘lmang!

Bir kun kuni bilan boshingizni bir tomonga burib yura olasizmi? Yoki uyingizda tizzalab yurib ko‘ring-chi faqat. Bir kun. Kallang ishlaydimi, deyapsizmi? Ha, o‘lmang!

Keltirganim misollarda inson tana a’zolarining tabiiy harakati jarayonlari buzilyapti. Marom buzilgandan keyin tabiiy ravishda tanamiz bunga qarshilik ko‘rsatadi: og‘riydi, ko‘karadi, uvushadi va hokazo. Natijada o‘z holiga qo‘yishga majbur bo‘lasiz.

Endi bunday notabiiy jarayonni jamiyatga ko‘chirib ko‘ring-chi. Ahmad A’zamning «Qatag‘on yili» hikoyasi shu haqda. «Tiqin» hikoyasida esa o‘zbek xarakteri juda chiroyli ko‘rsatilgan.

Shukur Xolmirzayev, Murod Muhammad Do‘st, Xurshid Do‘stmuhammad, Erkin A’zam, Nazar Eshonqul qatori Ahmad A’zamning ham o‘zbekning qusurga aylangan fazilatlari va fazilatga aylangan qusurlari ko‘rsatib berilgan hikoyalari bor.

Akrom Malik. «Alisher Navoiy ‘Hayrat ul-abror', matn, nasriy bayon, sharh, lug‘at» (1-kitob 472 sahifa. 2-kitob 520 sahifa. 3-kitob 592 sahifa). «Tamaddun» nashriyoti. 2021 yil

kitoblar, мутолаа, niма o‘qiymiz, ҳусан niшонов

Bizda «Bobur ensiklopediyasi» bor, «Navoiy ensiklopediyasi» yo‘q. «Amir Temur ensiklopediyasi» ham. Bobur haqida asarlar yozilgan, Shayboniyxon haqida yo‘q.

Xo‘p, bularni qo‘yaturaylik. Hozir nega Navoiyni mutaxassislardan boshqa deyarli hech kim o‘qimaydi? Chunki Navoiyni tushunish qiyin. Tili-ku mayli, lug‘at yordamida o‘qisa bo‘ladi. Biroq Navoiy asarlaridagi g‘oyalarni ilg‘ash, mohiyatiga yetish uchun o‘qirman Islom dinidan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak. Tasavvuf haqida tasavvuri bo‘lishi kerak. Eng oldin shorih bu talablarga javob berishi kerak.

Akrom Malikning «Hayrat ul-abror»ga sharhlari, meningcha, shu jihati bilan oldingi sharhlardan ustun.

Xayriddin Sulton. «Navoiy-30». «Mashhur-press» nashriyoti. 2021 yil. 512 sahifa

kitoblar, мутолаа, niма o‘qiymiz, ҳусан niшонов

Bizda memuar janridagi kitoblar kam. Yozuvchining o‘zi «Navoiy-30»ni garchi «janri yo‘q kitob» deb ta’riflagan bo‘lsa-da, undan o‘rin olgan hikoyalar o‘tgan asr 60−80-yillari O‘zbekiston madaniy hayoti haqida muayyan tasavvur beradigan memuar deyish mumkin.

Jahongir Muhammad, Ismat Xushevning yaqin davr tarixi haqidagi asarlarini o‘qidik. Murod Muhammad Do‘st, Xayriddin Sulton, Karim Bahriyev kabi ijodkor va jamoat arboblarining, deylik, Zokirjon Almatov, Salim Abduvaliyev kabi O‘zbekiston tarixida iz qoldirgan shaxslarning, siyosatchilarning memuarlari chiqsa, o‘quvchi yaqin tariximiz, Mustaqillik davri tarixi haqida turli nuqtai nazarlarga guvoh bo‘lar edi.

Boborahmat Muhammadiyev. «Ro‘zi mergan». «Head book» nashriyoti. 2018 yil. 224 sahifa

kitoblar, мутолаа, niма o‘qiymiz, ҳусан niшонов

XX asr boshidagi milliy ozodlik harakati haqida tadqiqotlar bor, badiiy asarlar yozilgan. Avvaliga «bosmachi» degan tamg‘a bosilgan ota-bobolarimiz aslida Erk uchun, Mustaqillik uchun kurashgan qahramonlarimiz ekanligi badiiy asarlarda ham ko‘proq aks eta boshladi. Lekin ko‘pchilik ijodkorlar bir haqiqatga ko‘z yumishmoqda: ular orasida taloto‘p vaziyatdan foydalanib, haqiqiy bosmachilik, talonchilik qilganlari ham bo‘lgan.

O‘qituvchi ijodkor Boborahmat Muhammadiyevning «Ro‘zi mergan»i o‘z qishlog‘i, tevarak-atrofdagi qishloqlarni ham o‘ris bosqinchilaridan, ham o‘zimizning bosmachilardan himoya qilgan haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘lgan.

Yoshlarga tavsiyalar:

Ba’zi kitoblar majburan o‘qiladi. Ba’zilarini qidirib topib o‘qiysan. Ba’zilari esa qayta-qayta o‘qiladi. Tavsiya qilayotganlarim izlab topib, doimiy o‘qiladigan asarlar.

  • Navoiy asarlarini lug‘at va sharhlar yordamida doimiy o‘qib boring;
  • Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf kitoblari (diniy bilimlarini oshirish uchun);
  • Zahiriddin Muhammad Bobur. «Boburnoma»;
  • Alixonto‘ra Sog‘uniy. «Turkiston qayg‘usi»;
  • Ahmad Zaki Validiy, «Xotiralar» — bu uch kitob Inson qudrati va ojizliklarini ro‘y-rost ochib beradigan asarlardir;
  • Shukur Xolmirzayev, Ahmad A’zam, Nazar Eshonqul hikoyalari;
  • Murod Muhammad Do‘st roman, qissa va hikoyalari;
  • Tog‘ay Murod qissalari;
  • Erkin A’zam. «Anoyining jaydari olmasi» hikoyasi;
  • Rauf Parfi, Abduvali Qutbiddin, Eshqobil Shukur, Shodmonqul Salom she’rlari.