Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda hududiy gaz ta’minoti bo‘limi hodimlari Jizzax, Toshkent viloyati va Buxoro viloyatlarida gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan tadbirkorlarni aniqladi. Bu haqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishi departamenti matbuot xzimati xabar qildi.

Xususan, Jizzaxda fuqaro parrandachilik binosini hech qanday shartnoma va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarsiz o‘zboshimchalik bilan yuqori bosimli gaz tarmog‘iga ulab olgan. Bunda 376,9 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 248,8 mln so‘m zarar yetkazgan.

Toshkent viloyatining Toshkent tumanida kuzatilgan holatda esa fuqaro raqamsiz uyda joylashgan issiqxonani o‘zboshimchalik bilan gaz tarmog‘iga ulab, 154,9 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan. Buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 154,9 mln so‘m zarar keltirgan.

Buxoroja esa tadbirkor korxonaga qarashli issiqxonaning gaz tarmog‘i nazorat tamg‘asini buzib, 141,6 ming kub metr tabiiy gazni noqonuniy ishlatgan. Bunda uning davlat va jamiyat manfaatlariga 141,6 mln so‘m zarar yetkazgani aniqlandi.

Holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (O‘g‘rilik) va 185−2-moddasi (Elektr, issiqlik energiyasi, gaz, vodoprovoddan foydalanish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.