2022 yilning 19 dekabr kuni O‘zbekiston Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markazi shifokorlari Qirg‘izistondan kelgan onaning siam egizak farzandlarini jarrohlik yo‘li bilan ajratib oldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan xabarga ko‘ra, bu ilk bor to‘liq o‘zbek shifokorlari o‘tkazgan o‘ta murakkab amaliyot bo‘ldi.

Siam egizaklari o‘tgan yilning 31 mayida Qirg‘iziston davlatining O‘sh shahrida tug‘ilgan. Homilaning 29-haftasida Fotima va Zuhra «kesarcha» usulida, umumiy 1 600 gramm vaznda tug‘ilgan. Ularning tanasining qorin qismi, aniqrog‘i, jigari bilan birlashgan. Ular yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi nikoh, ya’ni opa-singillarning farzandlaridan dunyoga kelgan.

Keltirilishicha, tug‘uruqdan 10 kun o‘tgach, ota-onaga bolalarning yashab qolish imkoni umuman yo‘qligi aytib, uyiga ruxsat berishgan. Ota-ona oradan bir oy o‘tgach, O‘zbekistondagi perinatal markazi qoshidagi neonatal xirurgiya markazi rahbari Baxtiyor Ergashevga telefon orqali murojaat qilgan. Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng, 19 dekabr kuni chaqaloqlar operatsiya qilingan.

«Amaliyot 3 soat davom etdi. Bolalar bir-biri bilan jigar orqali birlashgani o‘z isbotini topdi. Bolalarni ajratganda jigardan va boshqa qon tomirlardan qon ketishining oldini olish maqsadida ultratovush va argon skalpeli, shuningdek, „Bloodstop“ deb atalgan zamonaviy gemostatik materialdan foydalandik. Natijada minimal darajada qon ketishi bilan bolalar ajratib olindi», — dedi amaliyotga boshchilik qilgan Baxtiyor Ergashev.

Bu vaqtda bemorlarning o‘t pufaklari alohida-alohida shakllangani ma’lum bo‘ldi. Bu esa ikki tana ajratilganida, bu a’zolar o‘z vazifasini bekamu ko‘st bajarishini ta’minlardi. Shunday qilib, egizaklar muvaffaqiyatli ajratib olindi, deyiladi xabarda.

Operatsiyaning keyingi bosqichida tibbiy jamoa ikki guruhga bo‘linib, ish olib bordi. Siam egizaklari bir-biridan ajratilgach, bir guruh neonatal xirurglar jamoasi ularni operatsiya qildi.

«Ushbu amaliyotlar xirurglar tili bilan aytganda „silliq“ o‘tdi. O‘ta murakkab amaliyot va nimjonlik ularning tiklanish jarayonini sekinlashtirdi. Ayniqsa, Zuhraning buyraklari me’yordan ancha kichik ekani shu yerda o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Uning salomatligini tiklashda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining bolalar bo‘limi mutaxassislari ham katta hissa qo‘shdi», deya keltiriladi vazirlik xabarida.

Mutaxassislar endilikda «siam egizagi» deb atalmayotgan ushbu bolajonlarning ahvolini stabil deb baholamoqda. Yaqin kunlarda chaqaloqlarni yashash joyiga chiqarishga umid qilinayapti.

Vazirlik xabariga ko‘ra, operatsiyada ishtirok etgan mutaxassislarni Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov «Sog‘liqni saqlash a’lochisi» ko‘krak nishoni va faxriy yorliqlar bilan taqdirladi.

O‘zbekistonda siam egizaklari avval faqat bir marta Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida operatsiya qilingan. Unda ham operatsiya chet eldan chaqirilgan mutaxassis boshchiligida va bevosita ishtirokida kechgan.

«Neonatal xirurgiya o‘quv-davolash-metodik markazida o‘tkazilgan ushbu o‘ta murakkab amaliyot esa to‘liq o‘zbek shifokorlari tomonidan amalga oshirildi», — dedi tibbiyot fanlari doktori, professor.