O‘zbekistonda kuzatilayotgan anomal sovuq kunlarda respublikadagi tabiiy suv havzalari, sharshara va ariqlarda suv muzlab, bir muddat oqishdan to‘xtadi. «Gazeta.uz» ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ana shunday manzillarning fotosuratlarini bir sahifaga jamladi.

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

Muzlagan Suvtushar sharsharasi. U «Hisor» davlat qo‘riqxonasi hududida joylashgan.

Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Yapon bog‘idagi ko‘l

Milliy bog‘dagi sobiq Komsomol ko‘li




Toshkentda bunday sovuq uzoq yillar davomida birinchi marta kuzatildi. Bu vaqtda «Milliy bog‘»dagi Komsomol ko‘li muzlab qoldi.

Tovoqsoy sharsharasi

anomal sovuq, tog‘, sharshara, qish

Toshkentdan 50 km uzoqlikda joylashgan Tovoqsoy sharsharalar vodiysida qirqqa yaqin shalola bo‘lib, undan 7−8 tasi katta sharshara hisoblanadi. Ularni ko‘rish uchun Bo‘stonliq tumanidagi Tovoqsoy qishlog‘iga borish kerak. Bunda tur orqali gidlar, shuningdek, shaxsiy mashinadan foydalanish mumkin. Hududga poyezd yoki G‘azalkentga ketadigan marshrutkalar bilan ham borsa bo‘ladi.

«Zomin» davlat qo‘riqxonasi tabiat manzaralari

Foto: Jizzax viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi

Tasvirdagi manzaralar qo‘riqxona hududidagi «Chortangi» darasida suratga olingan. Hudud to‘rtta darani o‘ziga birlashtiradi. U yerda asosan yovvoyi hayvonlar, sudralib yuruvchilar va qushlar yashaydi. Daralardagi tog‘ cho‘qqilariga burgutlar in qurib ko‘payadi.

Tog‘larda yil davomida saqlanib turadigan qorlardan hosil bo‘lgan irmoqlar dara orqali o‘tib, xarsangtoshlarga urilib, go‘zal sharsharalarni hosil qiladi. Ayni kunlarda sharsharalar deyarli muzlagan.

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi Sangardak sharsharasi

Hisor tog‘ tizmalari etagidagi mazkur sharshara dengiz sathidan ikki ming metr yuqorida joylashgan. Balandligi qariyb yuz metrni tashkil etadigan sharshara g‘orlar ichidagi karst daryolaridan vujudga kelib, qoyatoshlar orasidan sizib chiqadi.

Amudaryo ham qisman muzlab qoldi

anomal sovuq, tog‘, sharshara, qish

12 yanvar sanasidan boshlab Amudaryoning Qoraqalpog‘istondan o‘tgan qismi muzlagandi. Mo‘ynoq tumanidan o‘tuvchi «Qiziljar» gidrologik postida Amudaryo suvi muzlash holatiga o‘tdi. Bu yerda havo harorati -30 darajagacha sovuq bo‘lmoqda.

«Chotqol» davlat biosfera qo‘riqxonasida qish manzaralari

Qo‘riqxona Toshkent viloyatining Parkent tumani tog‘li hududida, Chotqol tog‘ tizmalarining janubi-g‘arbida joylashgan. Maskan G‘arbiy Tyanshanning ulkan va noyob o‘simliklari, hayvonot va qushlarini o‘rganish, saqlab qolish va ko‘paytirish maqsadida ish olib boradi.