“Gazeta.uz” tarixda nom qoldirgan, ma’naviy-ilmiy merosi bilan kelajakka ta’sir ko‘rsatolgan, siyosat maydonida ovozi, o‘rniga ega ayollar haqida hikoya qilguvchi “Ayol” loyihasini boshlaydi. Ilk nomzod 2022 yili G‘arbiy Avstraliya shtatidan Avstraliya Senatiga saylangan afg‘on qizi Fotima Paymon.

O‘tgan yilning iyunida G‘arbiy Avstraliya senatori etib saylangan va 1 iyuldan lavozimiga rasman kirishgan Fotima Paymon mamlakat tarixidagi eng yosh (saylovlar vaqti 27 yosh edi) va ilk hijobli siyosatchi sifatida maydonga kirib keldi. Afg‘onistonning Kobul shahrida tug‘ilib, Avstraliyada muhojir bo‘lib ulg‘aygan senator 2022 yili federal saylovlarda shunchaki “omadini sinash”, 2025 yilgi saylov kampaniyasiga “tayyorgarlik” ko‘rish niyatida nomzodini qo‘yadiyu, omadi rostdan kuladi.

Foto: ABC NewsFoto: ABC News

1995 yili Afg‘onistonda tug‘ilgan Fotima Paymon taqdiriga avvaliga muhojirlik, so‘ng begona yurt siyosatdonlari safiga qo‘shilish bitilgandi. Fotimaning bobosi mamlakat birinchi marta “Tolibon” qo‘liga o‘tguniga qadar parlament a’zosi bo‘lgan. Biroq boshqaruv rejimi o‘zgargach, otasi Abdul Vakil xotini va bolalarini olib, 1999 yili Pokistonga qochib o‘tadi. Bu yerda bir muddat turgan oila bolalar xavfsiz va erkin davlatda o‘sib-unishi, o‘qishi shartligini sezib, boshqa joyga ketishga hozirlanadi. Lekin katta tavakkal va qochoqlik maqomi og‘irligini bilgan oilaboshi avval o‘zi kichkina qayiqda Avstraliyaga suzib ketadi va 2003 yilgacha — begona yurtda ortda qolgan oilasiga sharoit yaratib, pul jamg‘arguncha hech bir ishdan qochmaydi.

Senator etib saylangach, Fotima parlament oldidagi ilk nutqini so‘zlarkan, otasining sermashaqqat hayoti haqida hamkasblariga hikoya qiladi:

“1999 yili otam hayotini tahlikaga qo‘yib, oilasini tashlab, 11 kecha-kunduz Hind okeanini kichik qayiqda, bo‘ron-dovulda kesib o‘tib, ayoli, ikki qizi va o‘g‘li uchun xavfsiz joy izlashga oshiqadi. Beadoq g‘am-tashvish va o‘y-gumon onamni tinch qo‘ymas, otamning Avstraliyaga sog‘-salomat yetib olgan yo yo‘qligi haqida ikki og‘iz xabar eshitish ilinjida kunni tunga ulab kutardi.

Oradan to‘rt oy o‘tib, nihoyat xushxabar keldi. Shundan keyin otam bilan diydorlashish uchun naq to‘rt yil kutdik. Bu vaqt davomida otam uch bolasi, xotinini ta’minlash va ingliz tilini ikkinchi til sifatida mukammal o‘rgangunicha sutkalab oshxonada yordamchi, qo‘riqchi, taksi haydovchisi bo‘lib ishlaydi. 2003 yili nihoyat otam bilan yuz ko‘rishdik va Pertning shimoliy burchaklaridan biriga joylashib, hayotimizni yangitdan boshladik.

Begona muhitga ko‘nikib, moslashar ekanmiz, ota-onamning biz uchun bir burda nonni dasturxonga qanday ter to‘kib olib kelishi, o‘qishimiz, ust-boshimizni qanday butlashini ko‘rib ulg‘aydim".

Turmush o‘rtog‘ining yukini yengillatish uchun Fotimaning onasi kenja farzandini bog‘cha yoshiga yetkazgach, kichik biznesga qo‘l uradi: u xotin-qizlarga haydovchilik kursi ochadi. Yot elda farzand tarbiyalash va ro‘zg‘or tebratish har doim ham oson kechmaydi. G‘arbiy Avstraliyaning chetroq hududida yashashsa-da, ikki qiz va o‘g‘lining ta’limi, salomatligi uchun barini hozirlagan ota-onasiga Fotima parlament oldida minnatdorlik bildiradi:

“Aksar tirishqoq, mehnatkash avstraliyaliklar kabi farzandining kelajagi porloq bo‘lishi ota-onam uchun ham asosiy a’mollardan edi. Bilasizmi, ular biz bolalarini har doim — singlim, ukam va meni — qo‘llab-quvvatlardi. „Katta odam bo‘l, astoydil o‘qi, kafolatlangan, doimiy haq to‘lanadigan ish top, jamiyatning hurmatli a’zosiga aylan, ota-bobolaring, ildizingga sodiq qol, kamtar bo‘l, Xudoga ishon va sinovlariga shukr qil, saxiy bo‘l, kambag‘allarga qayish“, derdi doim”.

afg‘on qizi, avstraliya, fotima paymon, senator, ayol loyihasi

Fotima Paymon kuyovi, singlisi, jiyani, onasi va ikki ukasi bilan. Foto: Instagram / Senator Fatima Payman


Bolalari ulg‘ayib, o‘qish-ishini toparkan, ularning kamolini ko‘raman endi deganida otaning birdan tobi qochib, saratonga chalingani aniqlanadi.

“2017 yili otamga o‘tkir miyeloid leykoz tashxisi qo‘yilganida hayot yana bir alamini oldiyov, — deb xotirlaydi Fotima. — 11 oy intensiv kimyoterapiya, suyak iligi transplantatsiyasi, son-sanoqsiz dori-darmon ichgan otam tuzalish o‘rniga, og‘irlashaverdi. Mening bir paytlar mustaqil, sog‘lom padarim nimjon, zaif va ko‘makka muhtoj insonga aylanib qoldi. Shuncha ko‘rgilikka qaramay, u men bilgan eng kuchli erkaklardan edi. Ayni navqiron — endigina 47 ga kirgan otamni yo‘qotish og‘ir bo‘ldi. U bugun oramizda yo‘q, lekin xotiralari va „tomchi daryoni toshirar“ yoki „qattiq mehnat o‘rnini hech nima bosolmas“, „odobni odobsizdan o‘rgan“, „beshikdan qabrgacha ilm izla, sababi, hayot juda qisqa va beqaror, bir lahzadan keyin bormizmi yo yo‘q, bilmaymiz“, degan saboqlari mangu qoladi”.

Paymon Pertdagi Avstraliya Islom kollejida farmatsevtika yo‘nalishida tahsil oladi. U antropologiya va sotsiologiya bakalavri, farmatsevtika fanlari bo‘yicha magistrlik diplomiga ega siyosatchidir. Nega tibbiyot yo‘lidan ketmagani, siyosiy faollik ustun kelganini quyidagicha izohlaydi:

“Tibbiyotdagi bilimlarim u qadar yuksalmagach, insoniyatga xizmat qilishning yagona yo‘li baribir tib ilmi ekanini anglab, otamga quloq tutdim va farmatsevtika sohasini tanladim. Shu choqqacha o‘z olamim, qobig‘imda yashab, universitetda ilk zarbaga uchradim: bir yigitcha ro‘molimni masxaraladi. Bilasizmi, o‘sha paytgacha ayirmachilik nimaligini bilmay o‘sgandim. Pert boshqa joylardan kelganlar uchun ham qadrdon uydek edi.

Uyim qayerda bo‘lsa, yuragim o‘sha yerda urar, qalbim esa oilam bilan birgaligi uchun o‘zgachalik, begonalikni sezmasdi. Pertning shimoliy burchaklarida unib-o‘sgan boshqa avstraliyalik bolalar qatori men ham jamoat transportida universitetga qatnar va jamiyatning faol a’zosiga aylanishga umid bog‘lardim. Biroq “qayerdan kelgan bo‘lsang, tezda o‘sha yerga jo‘na” qabilidagi munosabatlar yangrar yoki men umrimda aloqador bo‘lmagan ekstremizmga ishora qilishardi. Shunda o‘zgalarning bir bo‘lagiga aylanish uchun ko‘ngilli sifatida jamoatchilik ishlarida qatnasha boshladim, odamlar orasida yaxshilik ulashsam, ushbu millatning teng a’zosi qabilida qabul qilinishim mumkin edi".

Fotima Paymon Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz bilan 2022 yilgi saylovoldi tadbirlarda. Foto: The West AustralianFotima Paymon Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaniz bilan 2022 yilgi saylovoldi tadbirlarda. Foto: The West Australian

Otasining mehnatkashligi, ish tanlamasligi Fotimaga ham yuqqan. 2018 yili o‘qishini tugatgan qiz Kasaba uyushmalari tashkiloti va G‘arbiy Avstraliya Yosh leyboristlar tashkilotida baravar ish boshlaydi. Bunga qo‘shimcha, Edmund Rice Centre'da dastur koordinatori va huquqshunos, siyosatchi Per Yangning saylov kampaniyasida xodimalik qiladi. Siyosat maydoniga shu tariqa yo‘l ochiladi.

2022 yili esa saylovlarda “suyak qizdirish”, “tayyorgarlik ko‘rish” uchun qatnashgan Paymon yakunda senator etib saylanishini kutmaganini tan oladi. Garchi 2005 yili Avstraliya fuqaroligini olgan bo‘lsa-da, afg‘on fuqaroligidan ham voz kechmagandi. Mamlakat konstitutsiyasining 44-moddasida faqat va faqat Avstraliya fuqarolari saylovda o‘z nomzodini ilgari surishi mumkinligi bois 2021 yil oktabrida Afg‘onistonning Avstraliyadagi elchixonasiga borib, fuqarolikdan voz kechmoqchiligini aytadi. Lekin elchixona uning arizasini qanoatlantira olmasligi, avgust oyida hukumatni egallagan Tolibon bilan aloqa yo‘qligini bildiradi. Aro yo‘lda qolgan Fotimaga Leyboristlar partiyasi afg‘on fuqaroligidan voz kechishga bo‘lgan jamiki urinishlarini hisobga olib, saylovda qatnashishga imkon beradi.

27 yoshida senator etib saylangan Fotima bugun mamlakat tarixidagi eng yosh siyosatchidir. U “turli millatga mansub kishilarni siyosatga olib kirish, ta’limni erta yoshdan yaxshilash va iqlim o‘zgarishlariga e’tibor berish"ni asosiy vazifalari deb sanaydi. Uni “Zamonaviy Avstraliya timsoli” deb atashyapti. Atrofiga yoshlarni ko‘proq yig‘ish niyatida u OAVda yoshiga urg‘u berishni, siyosat maydonida tengqurlari bilan baqamti ishlashni xohlaydi. “Yoshlarni siyosat kursisiga olib kelish juda muhim masala”, deydi u.

O‘zi ham siyosatga barvaqt yoshda kelishni mo‘ljallamagandi boshida. Lekin otasining o‘limi unga bir haqiqatni anglatadi: imkon tug‘ildimi, foydalanish kerak, chunki qancha umr ko‘rishing o‘zingga ham noayon.

Senator hamkasblari oldida birinchi nutqini so‘zlamoqda. Foto: news.com.auSenator hamkasblari oldida birinchi nutqini so‘zlamoqda. Foto: news.com.au

Lavozimga kirishishdan avval Senat oldida nutq so‘zlarkan, bosh vazir Entoni Albaniz bilan mudofaa vaziri Richard Marlis atayin kelib, yosh siyosatchini hammadan avval qutladi. O‘zgarishlar va islohotlar haqida gap ketganda Fotima: “Nimanidir o‘zgartirishni xohlasang, bunga butun boringni berishing shart. Shunchaki kursida yalpayib, nimanidir kutib, duo o‘qib o‘tirish kerak emas”, deydi.

Ayollarning jamiyatda o‘rni xususida gap ketsa: “Biz ayollarda shijoat va qat’iyat juda ko‘p. Agar nimadir qilishni istasak, jon-jahdimiz bilan o‘sha ishga yopishamiz va maqsadimizga erishamiz”, deydi u. Hatto eng demokratik sanalgan davlatlarda ham xonimlarning siyosatga kirib kelishi xushlamay qabul qilinadi. Biroq Fotimani hamkasblari qizg‘in qutladi, siyosiy faoliyati bardavom bo‘lishini tilab, taqdim etgan dasturiga jiddiy e’tirozlar bildirilmadi.

Bugun bir paytlar xafvsizlik, sifatli ta’lim va bexavotir yashash ilinjida Hind okeanini kesib o‘tgan afg‘on oilasining to‘ng‘ich farzandi begona mamlakat boshqaruvida muhim shaxslardan biriga aylandi. Uning bundan keyin tasdiqlaydigan qonunlari nafaqat avstriyaliklar, balki millionlab muhojir, qochoq, xotin-qiz taqdiriga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi tayin.