O‘zbekiston xalq artisti, sirk ustasi Zaripov Hakim Karimovich 99 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi Madaniyat vazirligi matbuot xizmati.

San’atkor 1924-yil 17-sentabrda Toshkent shahrida tavallud topgan, 1947-yilda O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 1942-yilda “O‘zbek davlat sirki” respublika birlashmasida chavandoz sifatida boshlagan.

Hakim Zaripov 1946—1997-yillar davomida sirk san’ati ustasi, chavandoz, hayvon o‘rgatuvchi, masxaraboz, kino aktyori, kaskadyor sifatida faoliyat olib bordi. 2017-yildan esa “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi yetakchi sahna ustasi va ijodiy jamoa badiiy rahbari sifatida mehnat qildi.

H.Zaripov o‘zbek sirki san’atini rivojlantirishga katta hissa qo‘shib kelayotgan usta, badiiy va ijodiy guruh rahbari, otasining ishini munosib davom ettirgan, respublika va jahon miqyosida o‘tkazilgan tomoshalarda qatnashib, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘targan, butun dunyoga o‘zbek sirkini tanishtirgan artist sifatida el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan mehnat faxriysi edi, — deyiladi vazirlik xabarida.

U turli yillarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist”, O‘zbekiston xalq artisti faxriy unvonlari, shuningdek, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

Madaniyat va turizm vazirligi jamoasi, jumladan, Ozodbek Nazarbekov san’atkor vafoti munosabati bilan uning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.

Toshkent shahri sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2019-yilda 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabi bilan Hakim Zaripovning yashash joyiga tashrif buyurib, unga yangi uy kaliti hamda esdalik sovg‘asini topshirgandi. Ungacha san’atkor uzoq yillar davomida o‘z oilasi bilan yotoqxonada yashab kelgan.