Madaniyat va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Azamov Bolgariya turizm vaziri Ilin Dimitrov bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Tomonlar O‘zbekiston hamda Bolgariya o‘rtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro turistlar oqimini oshirish, sohada faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarining aloqalarini o‘rnatishga ko‘maklashish va ikki davlat o‘rtasida charter aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish yuzasidan muzokaralar olib bordi.

Bolgariya tomoniga O‘zbekiston turizmida amalga oshirilayotgan turistik investitsiya loyihalari, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan sharoitlar hamda investorlar uchun taqdim etilayotgan imtiyozlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston hamda Bolgariyada turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik subyektlarini jalb etgan holda Toshkent shahrida 2023 yilning aprel oyida B&G, B2B formatida uchrashuvlar tashkillashtirish, turizm salohiyatini keng targ‘ib etishga qaratilgan ma’lumotlarni Bolgariya OAVda namoyishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.