«Yuksalish» umummilliy harakati respublika bo‘ylab kuzatilayotgan elektr energiyasi, gaz va issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzasidan aholining e’tirozlari, fikrlariga tayanib, anomal sovuq oqibatlarini yumshatish bo‘yicha qator takliflar bilan chiqdi.

«Shu kunlarda respublika bo‘ylab elektr energiyasi, gaz va issiqlik ta’minoti bilan bog‘liq muammolar aholining e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Mamlakat energetika tizimi bunday sinovlarga tayyor emasligini ko‘rsatdi», — deyiladi murojaatda.

Harakat fuqarolarning bu boradagi fikrlariga tayanib, mas’ul davlat idoralarini quyidagilarga chaqirdi:

Birinchidan, belgilangan haroratdagi issiqlik, issiq suv, elektr energiyasi va gaz (shu jumladan, hisoblagichlari bo‘lmagan iste’molchilar) ta’minlanmagan barcha kunlar uchun aholi bilan qayta hisob-kitob qilinishi lozim.

Ikkinchidan, Energetika vazirligi qishga tayyorlanganlik holati haqida axborot berishi maqsadga muvofiq: navbatdagi energetika inqirozi nima uchun yuz berdi, ular bu muammoni qanday hal qilmoqda, bunday holat yana takrorlanmasligi uchun nimalar qilinmoqda? Hukumatning energetika sohasidagi strategiyasi e’lon qilinishi kerak.

Uchinchidan, energosamaradorlikni oshirish, muqobil energiya manbalariga o‘tish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish uchun zarur tashkiliy va infratuzilmaviy sharoitlar yaratish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish lozim. Muqobil energiya manbalarining keng rivojlanishiga nimalar to‘sqinlik qilayotganligini ochiq muhokama qilish uchun ekspertlarni, davlat rasmiylarini taklif qilib, jamoatchilik fikrini o‘rganish zarur.

To‘rtinchidan, qishning sovuq kunlari yana 2−3 hafta saqlanib qolishini inobatga olib, quyidagi tezkor choralarni ko‘rish taklif etildi:

1. Barcha viloyatlardagi COVID-markazlari, Toshkentdagi yotoqxonalar ishida tajriba bor. Zaruratga ko‘ra joylarda odamlarga isinish, telefon va boshqa qurilmalarni zaryadlash, cho‘milish, ovqat pishirish maqsadida kelishlari uchun issiq suv va elektr energiyasi uzluksiz ta’minlangan isitiladigan xonalarni tayyorlash;

2. Rasmiy ma’lumotlarga bo‘lgan ehtiyojni ta’minlash. Kuniga kamida bir-ikki marotaba energiya tizimi rahbarlari jonli efirga chiqishlari kerak (televideniye, radio, internet orqali), ya’ni vaziyatni yaxshilash uchun aniq nima qilingani, qanday baxtsiz hodisalar bartaraf etilgani, qayerda muammolar saqlanib qolayotgani va ularni bartaraf etish muddatlari va ko‘rilayotgan choralar haqida brifinglar o‘tkazishi kerak.

3. Fuqarolar murojaatlarini qabul qilish uchun ko‘p funksiyali koll-markazni ishga tushirish. Ayni kunlarda tegishli mas’ul tuzilmalarning «Ishonch telefoni»da jiddiy kamchiliklar mavjud bo‘lib, liniyalar haddan tashqari yuklangani yoki oddiygina javob berilmayotgani ma’lum.