Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi harbiy qismda xizmat o‘tayotgan 20 yoshli Mirjalol Imomov 12 yanvar kuni uyiga o‘lik holda qaytarildi. «Milliy TV» telekanalining «Millar» dasturi uning yaqinlari yigitni urib o‘ldirishganini gumon qilayotgani haqida reportaj tayyorladi. Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov Toshkent harbiy prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini boshlaganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, u 2003 yilda tug‘ilgan va Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi «Xudoyzot» mahallasida istiqomat qilgan. Yigitning yaqinlariga uning vafoti haqida 11 yanvar kuni xabar berilgan.

Marhumning onasi yigit 2022 yil 4 may kuni o‘z xohishi bilan harbiy xizmatga jo‘natilganini bildirdi. U oxirgi marta oila a’zolari bilan Yangi yil kechasi telefon orqali suhbatlashgan. Yangi yil tongida telefon qilib, yaqinlarini tabriklagan. O‘zining ahvoli yaxshi ekanini aytgan va xizmat muddati tugashiga 3 oygina qolgani, mart oyida uyga qaytishini ma’lum qilgan.

millar, harbiy аскар

Marhumning onasi. Foto: «Millar»

«Dadasi unga [harbiy xizmatga] borma, bolajonim, u yerda nima qilasan?» dedi. Bolam esa «Borib kelay, bilasiz-ku, bu mening orzum, bir yil o‘tadi-ketadi», degandi. 11 yanvarda kechki soat 17:30 larda bizga qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Dadasi telefonni ko‘targanda «Biz Mirzayev Muzaffarmiz, siz Imomovning otasimisiz, deb so‘radi. Bandachilik, o‘g‘lingiz o‘zini otib qo‘ydi», deyishdi. Erim shok holida qotib qoldi. Shu vaqti men telefonni qo‘limga olib, o‘g‘lim bunday ish qiladigan bola emasligini aytdim. U «Bilmayman, bu yerga 6−7 nafar askarlarni „tiqib qo‘yibmiz“, surishtiruv ishlari ketyapti. O‘g‘lingizni otib qo‘yishibdi», dedi. Avval o‘g‘lingiz o‘zini otib qo‘ydi, keyin uni otib qo‘yishdi, dedi", — deya so‘zladi ayol.

Marhumning xolasi jasad ekspertizaga berilmagani, tanasida turli jarohat izlari borligini aytmoqda. Xolasining aytishicha, bu holatga ular ishonmagan. Yigit ota-onasiga mehribon bola bo‘lgan.

millar, harbiy аскар

Marhumning xolasi. Foto: «Millar»

«U o‘zini otgan bolaga o‘xshamasdi. Birinchidan, o‘zini otgan bolaning tishi singan bo‘lmaydi. Olib kelinganda 2 ta tishi singandi, ko‘zlarining tagida ko‘karish bor edi, qoshining tepasida musht yegani, yorilgani bor edi, qon chiqib yotibdi. O‘sha vaqti opam ham baqirib yubordi, bu o‘zini otgan emas deb. Uni azoblagansizlar, kaltaklangan u», deya ta’kidlamoqda marhumning xolasi. Uning fikricha, yigit bir yoki ikki kecha qolib ketgan.

Hozirda videolavhadagi holat yuzasidan Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Natijalari haqida xabar qilinadi, deyiladi Bosh prkuratura matbuot xizmati xabarida.

Holat yuzasidan, shuningdek, Mudofaa vazirligi ham rasmiy munosabat bildirdi.

«Qurolli kuchlar Sud tibbiy ekspertiza markazi mutaxassislari tomonidan tibbiy ekspertiza o‘tkazilgan hamda Toshkent harbiy prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda. Tekshirish natijasi haqida qo‘shimcha axborot taqdim etiladi», — deyiladi xabarda.