Sirdaryo viloyati Xovos tumanidagi uylarning birida gaz portlashi yuz berishi oqibatida 2 kishi vafot etdi, deya xabar qilmoqda viloyat hokimligi.

2023 yil 15 yanvar kuni soat 14:50 da Xovos tumani «Qahramon» MFY Qahramon ko‘chasida joylashgan 2 qavatli uyda gaz portlashi sodir bo‘ldi. Portlash oqibatida 2 ta xonadonning qurilish konstruksiyalariga shikast yetdi.

Voqea joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining yong‘in-qutqaruv otryadi yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib bordi. Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro vafot etdi, bir nafar fuqaro jarohat olib, shifoxonaga joylashtirildi.

Holat haqida xabar topgan viloyat hokimi hamda tegishli mas’ullar ham voqea joyiga yetib bordi va vaziyat to‘liq nazoratga olindi.

Holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.