O‘z faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani sababli Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev, energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xodjayev va «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ boshqaruvi raisi Farhod Abduraxmanov lavozimlaridan ozod etildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Davlat rahbari huzurida 16 yanvar kuni energiya resurslari ta’minoti yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. «Men sovuqdan qiynalayotgan har bir oila, har bir insonning kayfiyatini, hissiyotini chuqur tashvish va iztirob bilan yuragimdan o‘tkazyapman», — dedi prezident.

Yuzaga kelgan vaziyat sohalar hamda hudud rahbarlarining bugungi kungacha qanday ishlaganini yaqqol ko‘rsatib qo‘ygani ta’kidlandi. Ayniqsa, Toshkent shahrining barcha darajadagi rahbarlari bugungi holatga umuman tayyor emasligi keskin tanqid qilindi.

Poytaxtning Bosh rejasi haligacha tasdiqlanmagani oqibatida ruxsatsiz qurilgan obyektlar soni 250 dan oshib ketgani, qurilishga ruxsat berilganda, mavjud infratuzilmaga yuklama bo‘yicha aniq hisob-kitob qilinmayotgani, bozorlarda oziq-ovqat muzlab qolmasligi, narx-navo oshib ketmasligi uchun chora ko‘rilmayotgani uchun poytaxt mutasaddilariga qat’iy e’tiroz bildirildi.

Shu bois vaziyatga oldindan baho berib, qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani uchun Toshkent shahri hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan ozod etildi. Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa tumanlari hokimlari ham lavozimidan ozod etilib, hokim vazifasini bajaruvchisi lavozimiga tushirildi. DXX va Bosh prokuraturaga ularning faoliyatini o‘rganish topshirildi.

«Issiqlik elektr stansiyalari» aksiyadorlik jamiyati raisi Farhod Abdurahmonov ham lavozimidan ozod etildi. Toshkent shahri hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonov shahar hokimi vazifasini bajaruvchi, bosh prokuror o‘rinbosari Erkin Yuldashev shahar prokurori etib tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, Xalq deputatlari Toshkent shahar sessiyasida 2018 yil 21 dekabr kuni tashkiliy masala ko‘rilib, Shavkat Mirziyoyev shahar hokimi vazifasini vaqtincha bajarib kelayotgan Jahongir Ortiqxo‘jayev nomzodini shahar hokimi lavozimiga tavsiya etgan.