13 yanvar kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining “Quramax Medical” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi litsenziyani bekor qilish va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalarini muomaladan chiqarib, yo‘q qilish to‘g‘risidagi arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 13 yanvardagi hal qiluv qarori bilan “Quramax Medical” MCHJga farmatsevtika faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan 2019 yil 10 dekabrdagi P6580-sonli litsenziya bekor qilinishi va qo‘llash uchun yaroqsiz dori vositalari muomaladan chiqarilib, yo‘q qilinishi belgilandi.

Mazkur iqtisodiy ish bo‘yicha taraflar e’lon qilingan hal qiluv qarori ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatda shikoyat qilish mumkinligi ma’lum qilindi.

Sudning huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha ushbu hal qiluv qarori, agar apellyatsiya shikoyati (protesti) berilmasa, qabul qilinganidan keyin o‘n kun o‘tgach qonuniy kuchga kiradi.

Avvalroq SSVning yangi rahbari Amrillo Inoyatov dorixonalarga yo‘llagan xatida Quramax 2022 yilda import qilgan barcha dorilarning sotilishini to‘xtatish haqida ko‘rsatma bergandi. O‘shanda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” preparatlarining ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomalarini bekor qilish to‘g‘risida sudga da’vo arizasi ham kiritilgan.

Shuningdek, Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan barcha turdagi dori vositalari, jumladan, yo‘talga qarshi “Ambronol” siropi savdosi vaqtincha to‘xtatilgan.