Energetika vazirligi respublika bo‘yicha anomal sovuq harorat davom etayotgani sababli quvurlarda gaz bosimining keskin pasayishi kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Shu munosabat bilan tabiiy gazni birinchi navbatda aholi xonadonlari, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda ijtimoiy soha obyektlariga yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda ayrim yirik ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hajmi keskin kamaytirildi hamda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati qisqa muddatga vaqtincha to‘xtatildi.

Shuningdek, ortadigan talabni to‘liq qondirish maqsadida avtobenzin va dizel yonilg‘isi mahsulotlari qo‘shimcha miqdorlarda sotuvga chiqariladi, shu jumladan, zaxiralar hisobidan.

Hurmatli vatandoshlar, havo harorati keskin sovigan shu kunlarda imkon qadar jamoat transportlaridan foydalanishingizni, zarurat bo‘lmaganda, uyda qolishingizni hamda xonadoningizda elektr energiyasi va tabiiy gazdan tejamkorlik bilan foydalanishingizni iltimos qilamiz, — deyiladi xabarda.

Avvalroq havo haroratining keskin tushib ketgani sababli aholi iste’molchilariga tabiiy gazni bir maromda yetkazib berish maqsadida Buxoro viloyatida 12 yanvar kunidan boshlab AGQKSH (avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobcha)lari o‘z ish faoliyatini soat 7:00 dan to 10:00 ga qadar olib borishi ma’lum qilingandi.