Ayni vaqtda respublikada kuzatilayotgan anomal sovuq texnologik obyektlardagi qurilmalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda, deya xabar qildi «O‘zbekneftgaz» matbuot xizmati.

Natijada sharli kranlar va quvurlarni muzlab qolish hamda elektr tizimidagi uzilishlar sababli zavod va boshqarmalarning siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlarida avariyali holatda to‘xtashlar kuzatilmoqda.

Xususan, Sho‘rtan neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining «Shimoliy Nishon» siquv kopressor stansiyasidagi 3 ta gaz haydash agregatlari, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining «Zevarda» va «Dengizko‘l» konlaridagi 2-siquv kopressor stansiyalarida agregatlar avariyali holatda to‘xtadi.

Tezkorlik bilan ko‘rilgan choralar natijasida «Shimoliy Nishon» siquv kompressor stansiyasiga uzatilayotgan konlardan gaz qazib chiqarishning kamayishini oldini olish maqsadida, gaz «Sho‘rtan» 2-stansiyasiga yo‘naltirildi va ushbu stansiyadagi gaz haydash agregatlarining quvvatlari oshirildi, deyiladi xabarda.

Ushbu holat boshqarmalar tomonidan tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatib, maksimal darajada ko‘rilgan choralar natijasida tovar gaz katta qisqarishlarining oldi olinmoqda.

Qayd etilishicha, hozirda «Zevarda» 2-siquv kompressor stansiyaning 200-sonli va «Shimoliy Nishon» stansiyasining 300 va 400- sonli agregati ishga tushirildi. «Dengizko‘l» siquv kompressor stansiyasidagi 200-sonli gaz haydash agregatini ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda. Gaz qazib olish barqarorligi ta’minlanmoqda.

9−14 yanvar kunlari respublika bo‘ylab kuzatiladigan anomal sovuqda siquv kompressor stansiyalari va texnologik qurilmalarning uzluksiz va barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida konlarda, texnologik obyektlarda tezkor shtablar tashkil etilgan.