O‘zbekiston hukumati seshanba kuni davomida goh u hududda, goh bu hududda maktab, oliy ta’lim va professional ta’lim muassasalarida o‘qish boshlanishi haqidagi xabarlarni qismlarga ajratib, e’lon qilish orqali fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilishning eng yuqori darajasini namoyish qildi.

22:00 dan keyin navbat Toshkent shahridagi tuman hokimliklariga ham yetib keldi. Ular qishki ta’til «rasman tugagani» va maktablarda dars boshlanishini e’lon qilishdi.

Deyarli kechayu kunduz va dam olishlarsiz ishlashga odatlangan amaldorlar — rasman ularning saylovchilari, ular bilan maslahatlashishlari va hisobot berishlari kerak bo‘lgan — oddiy fuqarolarning mavjudligini unutgandek go‘yo.

Go‘yo ular bolalar vaqti (detskoye vremya) allaqachon tugaganini bilishmaydi, axir ota-onalar o‘z farzandlariga ta’til keyingi haftagacha cho‘zilganini aytib bo‘lishdi. Odamlar yangi chorakka tayyorgarlik ko‘rishga ham ulgurmasligi mumkin.

Sodir bo‘lishi haqida oldindan xabar berilgan izg‘irin sovuqlar, aftidan, unchalik ham «anomal» emas, lekin noqulay ob-havo transport muammosini yana bir marta yuzaga keltira oldi. Sinoptiklarga minnatdorchilik bildirish kerak, chunki butun mamlakat sovuq havoga qattiq tayyorgarlik ko‘rdi va, ehtimol, shuning uchun anomal havo unchalik qo‘rqinchli ko‘rinmadi.

Biroq, «agar bolalar yana bir yoki bir necha kun uyda qolishsa, nahotki tuzatib bo‘lmas nimadir sodir bo‘lib qoladi?» degan savol tug‘iladi.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari o‘tgan bir kunni haqiqiy «anomal» deb atashdi. Havo qattiq sovib ketgani uchun emas, balki oldindan tushuntirish va ogohlantirishni hanuz o‘rgana olishmagan rasmiylarning qaror qabul qilish usulidan shunday fikr bildirishdi.

Ehtimol, «Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili»da ular buni qilishni o‘rganib olishar.

Qo‘shimcha ma’lumot

Seshanba kuni soat 22:47 ga kelibgina, Toshkent hokimiyati maktablar «sharoiti, ishlashga tayyorligiga qarab, bosqichma-bosqich» ochila boshlashini ma’lum qildi.

«Bu boradagi qaror maktablar rahbariyati tomonidan ota-onalar kengashi bilan kelishgan holda qabul qilinishi tavsiya etiladi», — deyiladi xabarda.

Hokimlikning ishontirishicha, kommunal xizmat tizimlari mas’ullari bilan birgalikda bu sohada yuzaga kelgan muammolarni tezkorlik bilan hal yetish choralari ko‘riladi.